Til – milliy o‘zlik va qadriyatlar belgisi
Dunyoda har bir xalqning benazir boyligi, iftixori, o‘zga millatlardan ajratib turuvchi asosiy belgilaridan biri uning tilidir. Til milliy, ma’naviy tafakkur va ruhiyatni aks ettiruvchi qadriyatdir. Turli individual, ijtimoiy munosabatlarda tilning o‘rnini bosa oladigan vosita mavjud emas. Uning rivoji, o‘zgarishi, boyishi jamiyat taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq.
Shuning uchun ijtimoiy-siyosiy voqelikdagi o‘zgarish avvalo tilda o‘z aksini topadi. Milliy tilda yangiliklardan xabardor bo‘lish, ularning mohiyatini to‘g‘ri his etishga, o‘quvchi tafakkur qobiliyatining o‘sishiga, nutqiy ko‘nikmasining rivojlanishiga imkon beradi.
Til ijtimoiy-ruhiy hodisa bo‘lganidan uning me’yorlarini belgilash davlatning til siyosati bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Davlat siyosati adolatga asoslansa, til siyosati ham shunga muvofiq bo‘lib, tilning me’yorlarini to‘g‘ri aniqlashga imkon yaratadi.
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Biror kishi o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchuni, cheksiz imkoniyatini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimzning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.
Manbalarda keltirilicha, (o‘zbek) turkiy til bugunga qadar bir necha marotaba davlat tili maqomiga ega bo‘lgan. Birinchi marta X asrda, Qoraxoniylar davrida, 1213-yilgacha turkiy (o‘zbek) tili davlat tili maqomiga ega bo‘lgan. Ikkkinchi marta davlat tili maqomiga ega bo‘lishi buyuk Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro zamonasiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumki, milliy mustaqillikdan oldin milliy (o‘zbek) tiliga Davlat tili maqomi berilgach, til davlat ramzlari qatorida turadigan timsollardan biriga aylandi va buning natijasida yurtimizda istiqomat qiluvchi 130 dan ortiq millat va elat vakillari bu timsolga ehtirom ko‘rsatishni o‘zlarining fuqarolik burchi deb biladi. O‘z navbatida ana shu millat va elat vakillarining tili, milliy qadriyatlarining rivoji uchun tegishli sharoit yaratish qonun bilan mustahkamlab qo‘yildi.
O‘tgan davr mobaynida o‘zbek tili va uning xalqaro doirada nufuzini oshirish, millatlar orasida aloqa vositasi sifatida keng qo‘llanilishi, milliy-ma’naviy mafkurani to‘g‘ri shakllantirish hamda yuksaltirish borasida roli va o‘rnini oshirish yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, 2020-yilning 23-sentyarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Birlashgan Milllatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk marotaba, 2023-yil 20-sentyabrda bo'lib o‘tgan 78-sessiyada o‘zbek tilida ma’ruza qilishi milliy tilimizning jahonda iqtisodiy rivojlangan va tili xalqaro til sifatida tan olingan davlatlarning tillari bilan tenglasha olishini isbotladi.
YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 6 ming 912 ta til mavjud bo‘lib, ulardan atigi 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Ular qatorida ona tilimiz - o‘zbek tilining borligi har birimizning qalbimizni faxr va iftixorga to‘ldiradi.
Hozirgi kunda o‘zbek tili, uni o‘rganish, o‘rgatish eng dolzarb masala sifatida turli darajadagi yig‘in, muloqotlarning kun tartibidagi asosiy muhokama masalalaridan biriga aylangan. Asosiy muammo sifatida til va undan to‘g‘ri foydalanish, muloqot madaniyatiga rioya qilish, yoshlarda til unsurlaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini hosil qilish, og‘zaki va yozma nutq me’yorlarini o‘rgatishga asosiy e’tibor qaratlmoqda. Muhokamalarda ko‘tarilayotgan muammolar o‘sha auditoriyada atroflicha tahlil etilib, ma’lum tavsiyalar ishlab chiqilib, tadbiq etish tavsiya qilinmoqda. Adliya vazirligi tomonidan til qonunlarini buzganligi uchun tegishli javobgarlik choralari ham mavjudligi uqtirilmoqda. Ammo bu sa’y-harakatlar haligacha o‘zining ijobiy hosilasini ko‘rsatayotgani sezilmayapti. Nutqda (ayniqsa, og‘zaki nutqda) rus yoki boshqa biror xorijiy til so‘zlarni qo‘llash «odat»i saqlanib qolmoqda. Har qanday tarbiyaning asosiy tayanchi oilada ekanligi, inson tafakkurining shakllanishida ta’lim-tarbiyaning o‘rni beqiyos ekanligi, avvalo, har bir inson har jabhada o‘zi o‘zgalarga namuna bo‘lish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerakligini e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. O‘zbek adabiy tilining yozma (og‘zaki shakli ham) me’yorlariga amal qilmaslik milliy tilimiz, uning mavqeyi, yuksalishi, xalqaro aloqa almashinuv vositasi darajasiga ko‘tarilishining sekinlashuviga sabab bo‘ladi.
Har sohada bo‘lgani kabi til va undan foydalanish, uning me’yorlarini o‘rgatish va yanada rivojlantirish sohasida muammolar ko‘p, ammo ularning yechimini topishda kimnidir yoki til o‘rgatadigan kasb egasini ayblash an’anasi haligacha saqlanib qolmoqda. Aslida, o‘zbek tili faqat o‘zbeklar uchun emas, O‘zbekistonda yashayotgan, bu yurtga kelib sohalarda faoliyat yuritayotgan o‘zga millat vakillari uchun ham fikr bayon qilish vositasiga aylanishi kerak. Ommaviy axborot vositalarida xorijlik tadqiqotchilar, tadbirkorlar, diplomatlarning o‘z intervyularida bemalol o‘zbek tilida gapira olishlarining guvohi bo‘lamiz. Bu - xorijliklarda milliy tilimizga bo‘lgan qiziqishi, o‘zbek tilida muloqot qilish istagining paydo bo‘lganligi, milliy o‘zligimizga bo‘lgan hurmatidan dalolat.
Har bir xalqning milliy o‘zligi, madaniyati, urf-odati, tarixiy taraqqiyotidagi o‘zgarishlar, umuman, hozirgi davrdagi mavjud ijtimoiy hayotidagi turli holatlar uning tilida aks etar ekan, tilga bo‘lgan e’tiborni, uning taraqqiyoti, yuksalishi boshqa tillar o‘rtasidagi mavqeini yanada ko‘tarish uchun har bir millatimiz vakili o‘z zimmasida yuksak mas’uliyat borligini his qilib yashashi lozim.
Furqat Nurmanov
Toshkent texnologiya, menejment,
kommunikatsiya instituti dotsenti,
Muxammadjon Mamatqulov
Toshkent texnologiya, menejment,
kommunikatsiya instituti katta o‘qituvchisi