Tibetda toshqin: qurbonlar 400, bedaraklar 1 500
Nepal-Tibet chegarasida yuz bergan kuchli toshqin va ko‘chki oqibatida halok bo‘lganlar soni 392 nafarga yetdi. Qutqaruvchilar 1 yarim mingdan ziyod bedarak yo‘qolganlarni izlashni davom ettiryapti. Nepal politsiyasi 389 kishining jasadi topilganini ma’lum qildi. Falokat oqibatida butun boshli qishloqlar loy va toshqin ostida qolib, uy, ko‘prik va to‘g‘onlar vayron bo‘lgan.
Bedaraklar orasida xorijlik sayyohlar, jumladan Himolay tog‘lariga sayohat qilgan sayyohlar hamda Tibetdagi muqaddas Kaylash tog‘ini ziyorat qilgan hindlar bor. Nepalda 910 kishi, jumladan 517 nafar xorijlik bilan aloqa uzilgan. Xitoy tomoni Tibetdagi Jilong portida yuz bergan loy ko‘chkisi oqibatida uch kishi halok bo‘lgani, 558 kishi bedarak yo‘qolganini bildirgan. AQSH 90 nafar fuqarosi bilan aloqa yo‘qolganini ma’lum qilgan.
AQSH Geologiya xizmati dastlab zilzila sifatida qayd etilgan hodisaga aniqlik kiritib, falokatga muzlik yemirilishi va ulkan muz-suv-qoya oqimi sabab bo‘lganini bildirdi. Muz parchasi qulashi natijasida hosil bo‘lgan loy aralash suv Nepal hududi bo‘ylab qariyb 170 kilometrgacha oqib borgan. Mutaxassislar vodiyda ulkan chiqindi to‘plami suv yo‘lini to‘sib qo‘ygani sababli, yangi toshqin xavfi saqlanib qolayotganidan ogohlantirmoqda.

Falokat hududida Nepal harbiylari va qutqaruv xizmati maxsus itlar yordamida vayrona ostida qolganlarni qidiryapti. Xitoy Tibetda qutqaruv ishlariga qariyb 800 nafar favqulodda xizmat xodimi va tez yurar qayiqlar jalb qilgan. Nepal hukumati zarar ko‘rgan aholiga zudlik bilan yordam ko‘rsatish va berkilgan yo‘llarni ochish vazifasini qo‘ygan.
Musulmon Ziyo, O‘zA