Tibbiyot xabarlari
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda tibbiy jihoz ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar tibbiy jihozlarni ishlab chiqarish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, sertifikatlashtirish, xarid jarayonlari va mahsulotlarni iste’molchilarga yetkazish bilan bog‘liq dolzarb masalalarni ko‘tardi.
Bildirilgan taklif va murojaatlar yuzasidan Agentlik hamda uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan amaliy yechimlar ishlab chiqildi, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Muloqot davomida Abdulla Azizov tadbirkorlar bilan ochiq va doimiy muloqotni ta’minlash Agentlik faoliyatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, har bir murojaat atroflicha o‘rganilishi va qonuniy yechim topishi doimiy e’tibor markazida bo‘lishini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida davlat organlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, sohadagi tizimli muammolarni tezkor hal etish hamda tibbiy jihozlar sanoatini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
***

Shuningdek, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Koreya konsorsiumi vakillari ishtirokida “Smart Bio Cluster” loyihasini amalga oshirishning dastlabki tashkiliy masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida biotexnologiya va biofarmatsevtika sohalarida zamonaviy sanoat ekotizimini shakllantirish, loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish hamda uning investitsiyaviy jozibadorligi va iqtisodiy samaradorligini ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Koreya tomoni texnik-iqtisodiy asoslash (TIA) ishlari doirasida bozor tahlilini o‘tkazish, ehtimoliy investorlarning qiziqishi va talabini o‘rganish, shuningdek, loyihaning investitsiya salohiyatini baholash ishlari olib borilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, samarali boshqaruv modelini shakllantirish hamda xalqaro investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha amaliy yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Agentlik rahbariyati loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish va zarur tashkiliy ko‘makni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni izchil davom ettirish, navbatdagi amaliy bosqichlarni o‘zaro muvofiqlashtirish hamda loyihani belgilangan reja asosida ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA