Tibbiyot xabarlari
So‘nggi yillarda dunyo miqyosida bolalar orasida ortopedik xastaliklar keng tarqalmoqda. Bu holat yurtimizda ham dolzarb masalalardan biriga aylangan.
Afsuski, ko‘pgina ota-onalar bu kabi kasalliklarning ilk belgilarini o‘z vaqtida payqamaydi yoki yetarlicha ahamiyat bermaydi. Oqibatda oddiy muammo vaqt o‘tishi bilan murakkab xastalikka aylanib, bolaning kelajak hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, bunday holatlarga qarshi eng samarali yo‘l ularni barvaqt aniqlash va to‘g‘ri davolashdir.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari boshchiligidagi bir guruh malakali mutaxassislar shu maqsadda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida bo‘lib, aholi bilan muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda bolalarda uchraydigan ko‘krak qafasi tug‘ma deformatsiyasi, skolioz va boshqa xavfli ortopedik xastaliklarni erta tashxislash, ularning oldini olish va samarali davolash usullari haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Shuningdek, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida poytaxtlik shifokorlar tomonidan bolalar chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ota-onalarga zarur tavsiyalar berildi. Kasallik aniqlangan bemor o‘g‘il-qizlarda esa yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish rejalashtirildi.
***
Poytaxtimizda EMU University, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi hamda O‘zbekiston Androloglar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
“Urologiya, andrologiya va reproduktologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi ushbu tadbirda mamlakatimiz vakillaridan tashqari Germaniya, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi qator davlatlardan yetakchi olimlar, ekspertlar hamda Yevropa Androloglar assotsiatsiyasi a’zolari onlayn va oflayn formatda ishtirok etdi.
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Boboyevning qayd etishicha, mazkur anjuman va uning doirasida o‘tkaziladigan mahorat darslari hamda klinik sessiyalar ishtirokchilarni jahon andrologiyasi va reproduktologiyasi sohasidagi ilg‘or yutuqlar bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Toshkentda “Yevropa yosh androloglar maktabi” tashkil etilishi bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi.
Tadbirda jahon tibbiyotidagi eng so‘nggi yutuq va tendensiyalar, sohaga doir innovatsion yondashuvlar, zamonaviy tashxislash hamda davolash usullari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, urologiya, andrologiya va reproduktologiya sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish hamda ilmiy yutuqlar asosida erkaklar reproduktiv tizimi kasalliklarini davolashni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti.
***
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Olim Omonov "Huawei Tech Investment Tashkent" kompaniyasi direktori o‘rinbosarlari — Yan Toyuan hamda Suli Gayrat boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqotda yurtimizda Smart Hospital (aqlli shifoxona) loyihasini amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, loyihani tajriba-sinov tarzida joriy etish uchun hududni aniqlash, tibbiyot muassasalari xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish, o‘zaro hamkorlikni huquqiy jihatdan mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
O‘z navbatida, kompaniya vakillari tomonidan kadrlar tayyorlashning 3 bosqichli tizimini joriy etish taklif etildi. Unga ko‘ra, tibbiyot xodimlari va boshqaruv kadrlarini o‘qitish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv yakunida raqamli tibbiyotni rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
***
Milliy tibbiyot markazida fransiyalik yetakchi mutaxassislar — Alen Jerar va Tatyana Jerar ishtirokida ilmiy-amaliy o‘quv seminar o‘tkazildi. Seminar davomida zamonaviy anesteziologiya va reanimatologiyaning dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xususan, 2026-yilda qo‘llanilayotgan kombinatsiyalashgan anesteziya usullari, uzoq muddatli venoz kateterlar, anesteziologiyada ultratovush (ekografiya) texnologiyalarining rivoji hamda amaliy qo‘llanilishi bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etildi.
Shuningdek, pediatriya yo‘nalishida bolalarda skolioz jarrohligida anesteziya, suv-elektrolit muvozanatini boshqarish, qon quyish tamoyillari va og‘riqni samarali davolash masalalari yuzasidan ham tajriba almashildi.
Dasturga muvofiq, ishtirokchilar yurak reanimatsiyasi bo‘limiga tashrif buyurib, amaliy jarayonlar bilan yaqindan tanishdi. Seminar doirasida xalqaro tajriba almashinuvi va zamonaviy bilimlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazida O‘zbekistonda birinchi marta Xalqaro bolalar endoxirurgiyasi guruhi (IPEG)ning kam invaziv jarrohlik bo‘yicha kursi tashkil qilindi.
Xalqaro darajadagi "Workshop"da endoskopik xirurgiya bo‘yicha dunyoning yetakchi mutaxassislari uch kun davomida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston mutaxassislari uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA