Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi“ davlat muassasasi hamda Sog‘liqni saqlash va dori vositalari sifati bo‘yicha Yevropa direktorati o‘rtasida Markaz laboratoriyalarining EDQM laboratoriyalararo taqqoslash sinovlarida doimiy ishtirokini nazarda tutuvchi bitim imzolandi.
Ta’kidlash joizki, EDQM tomonidan o‘tkaziladigan laboratoriyalararo taqqoslash sinovlarida ishtirok etish markaz laboratoriyalariga, natijalarni belgilangan sharoitlarda etalon namunaning sinov natijalari bilan taqqoslash orqali o‘lchovlarni bajarish sifatini nazorat qilish imkonini beradi.
Shuningdek, mazkur kelishuv umumevropa nazorat laboratoriyalari tarmog‘iga kiritilgan a’zo laboratoriyalar bilan hamkorlikni mustahkamlash va kelgusida Markaz laboratoriyalarining GEON OMSLga a’zolik maqomini kiritish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.
***
Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan qamrab olishdagi hamkorlik butunjaxon konferensiyasida 20 dan ziyod davlat vakillari bilan birgalikda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Z.Ermatov ham qatnashmoqda.
Konferensiyada birlamchi tibbiy-sanitariya yordami prinsiplari asosida sog‘liqni saqlash tizimlarini transformatsiya qilish, sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishning ahamiyati, JSST bilan hamkorlikda olib borilayotgan loyihalar hamda ishtirokchilar o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatish va mustahkamlash masalalari muhokama qilinmoqda.
***
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkazilayotgan “CPhI Middle East & Africa” xalqaro farmatsevtika ko‘rgazmasida O‘zbekistondan “MERRYMED FARM” MCHJ korxonasi o‘zining 200 xil turdagi mahsulotlari bilan qatnashmoqda.
Mazkur yirik tadbirda 400 dan ortiq ishtirokchi va 30 ming nafar tashrif buyuruvchilar qamrab olingan.
***
Milliy tibbiyot markazida 4 yil avval chet elda buyrak ko‘chirib o‘tkazilgan, ammo keyinchalik buyrak yetishmovchiligi bilan murojaat qilgan bemorga takroriy buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Bemor ilgari transplantatsiya qilingan buyrakning funksional yetishmovchiligi sababli markazga murojaat qilgan. Markazning yuqori malakali transplantologlari tomonidan yangi buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda bemorning sog‘lig‘i barqaror.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyorjon Umarov hamda Rossiyaning akademik V.I.Shumakova nomidagi klinikasi jigar transplantatsiyasi bo‘limi mudiri Artyom Monaxov va doktor Sergey Masyutin uchrashuvida muhim masalalar muhokama qilindi.
Xususan, bolalar a’zolari transplantatsiyasi sohasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va amaliyotlarni doimiy ravishda yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvga erishildi. Uchrashuv yakunida bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli ravishda amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA