Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Hindistonning “Ind-Swift Ltd” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida “Ind-Swift Ltd” kompaniyasi tomonidan Bekobod shahrida joylashgan qattiq turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona faoliyatini hamkorlikda qayta tiklash masalalari muhokama qilindi.
Mahalliy talab va ehtiyojlardan kelib chiqib, innovatsion dori vositalarini ishlab chiqarish jumladan, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni tayyorlash imkoniyatlari tahlil qilindi. Ushbu loyiha mahalliy farmatsevtika sanoati salohiyatini oshirish va ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashga qaratilgan.
***
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DMda sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda 2025 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradigan farmatsevtika mahsulotlarining postmarketing nazorati va uni qanday tartibda amalga oshirilishi yuzasidan batafsil tushuntirish berildi.
Shuningdek, tadbirda markaz mas’ullari Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida“ 632-sonli qarori mazmun mohiyati haqida to‘xtalib, alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tibbiyot amaliyotida qo‘llash, saqlash, ularning noqonuniy muomalasini cheklash, jismoniy shaxslar tomonidan ulardan foydalanish hamda ularni yo‘q qilish tartiblari haqida ma’lumot berdi.
Muloqot davomida tadbirkorlar farmatsevtika mahsulotlari ustidan postmarketing nazorati va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning xavfsiz muomalasini ta’minlash bo‘yicha yangi tartib-qoidalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Ta’kidlash joizki, mazkur uchrashuv soha vakillari tomonidan yangi qoidalarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri joriy etish orqali farmatsevtika mahsulotlarining sifatini oshirish hamda xalq salomatligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
***
Sirdaryo viloyatida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon Diabet Jamg‘armasining uch yillik loyihasi yakuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Guliston shahar 4-oilaviy poliklinikada o‘tkazilgan mazkur tadbirda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, tojikistonlik va qirg‘izistonlik ekspertlar guruhi ishtirok etdi.
Ushbu loyihaning asosiy maqsadi qandli diabetning 2-turiga qarshi kurashish, birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirish va tibbiyot xodimlarini tayyorlashga qaratilgan. Tajriba loyihasi Sirdaryo viloyatining Guliston, Sardoba, Oqoltin va Boyovut tumanlarida o‘tkazilishi belgilangan edi. Uch yillik dastur doirasida yangilangan klinik protokollar joriy qilindi, shifokor va hamshiralar o‘qitildi, shuningdek, qandli diabet bilan kasallangan fuqarolarning xabardorligini oshirish va ularning kasallikni mustaqil boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida birlamchi tibbiy yordam bo‘g‘inida bemorlar uchun maktablar tashkil etildi.
Shuningdek, loyiha doirasida amalga oshirilgan, erishilgan yutuqlar va kamchiliklar tahlil qilindi. Poliklinikaga tashrif davomida xalqaro ekspertlar davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida bemor marshruti, reimbursatsiya dasturi asosida bepul dori vositalarini olish tartiblari bilan yaqindan tanishdi.
***
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tezkor ravishda yangi vaksinalar ishlab chiqish zarur bo‘lgan 17 ta patogen ro‘yxatini taqdim etdi. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, OIV, bezgak va tuberkulyozga qarshi yanada samarali vaksinalar yaratish bo‘yicha izlanishlarni davom ettirish kerak. Chunki xuddi shu xastaliklar tufayli yiliga 2,5 million kishi hayotdan ko‘z yummoqda.
JSST ro‘yxatidan joy olgan birinchi guruhga mansub A guruhiga kiruvchi streptokokklar, gepatit C virusi, OIV-1 (HIV-1) Klebsiyella pnevmoniyasi kasalliklariga qarshi hali emlash vositalari mavjud emas.
Ikkinchi guruhga mansub sitomegalovirus, gripp virusi, leyshmanioz, salmonellyoz, norovirus, bezgak plazmodiyasi, shigella, tillarang stafilokokk patogenlarga qarshi vaksinalar yaratilgan, ammo ularni kelgusida yanada takomillashtirish zarur.
Uchinchi guruhga mansub denge bezgagi, B guruhiga kiruvchi streptokokklar, ichak tayoqchasi, tuberkulyoz, respirator-sinsitial virusga qarshi vaksinalar esa nazorat qiluvchi organlar tomonidan ro‘yxatga olinish arafasida.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA