Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Joriy yilning 4-10 noyabr kunlari 92 ta davlat regulyator organlari bilan bir qatorda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ham "MedSafetyWeek-2024" haftaligida ishtirok etadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Uppsala Monitoring markazi tomonidan har yili o‘tkaziladigan ushbu global tadbir – dunyoda dori vositalarining xavfsizligiga alohida e’tibor berish va ularning nojo‘ya tasirlarini kuzatish hamda xabar qilishning ahamiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi yurtimizdagi sog‘liqni saqlash mutaxassislari, farmatsevtlar, dorixona xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillarini ushbu haftalikda faol ishtirok etishga chorlamoqda.
***
Toshkentda orfan kasalliklarini tashxislash va davolash bo‘yicha xalqaro forum o‘z ishini boshladi. Mazkur Forumda 15 mamlakat ishtirokchilari kam uchraydigan kasalliklarni davolashni moliyalashtirish, shuningdek, genom texnologiyalardan foydalanishning axloqiy va huquqiy jihatlariga e’tibor qaratmoqda.
Mazkur “Chegara bilmas hamdo‘stlik” xalqaro forumi 7500 nafardan ortiq soha mutaxassislari, O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Mo‘g‘uliston, Gruziya, Ozarbayjon kabi davlatlarning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari, professional tibbiyot hamjamiyatlari vakillarini birlashtirishi bilan ahamiyatlidir.
***
Yaponiyaning “TOWA Pharmaceutical” kompaniyasi O‘zbekistonning farmatsevtika sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi farmatsevtika sohasida investitsiya va texnologiya almashinuvi imkoniyatlari muhokama qilindi.
Agentlik rahbariyati mamlakatimiz farmatsevtika sohasida yaratilgan sharoitlar hamda investorlar uchun mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik istiqbollarini chuqur o‘rganish va O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalarni ko‘zdan kechirishga kelishib oldi.
Ma’lumot uchun: “TOWA Pharmaceutical” – Yaponiyada jenerik mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi raqamli kompaniya hisoblanadi hamda Yaponiya va Ispaniya davlatlarida ishlab chiqarish quvvatlariga ega.
***
Farmatsevtika sohasi jadal rivojlanib borayotgan bir davrda, mazkur sohadagi xodimlarning malakasini muntazam oshirib borish juda muhim ahamiyatga ega. Innovatsiyalar va texnologik yutuqlar sohani o‘zgartirib, zamonaviy davolash usullarini kiritmoqda. Shuning uchun farmatsevtlar va boshqa soha vakillari yangi bilim va ko‘nikmalarni egallab, o‘z malakalarini muntazam ravishda yangilab borishlari talab etiladi.
Janubiy Koreyaning GTH-B (Global Training Hub for Biomanufacturing) markazida o‘tkazilayotgan o‘quv dasturi ham ayni shu maqsadga qaratilgan. Unda 44 mamlakatdan saralab tanlangan 140 ishtirokchi malaka oshirmoqda. Ular orasida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi“ DMning mutaxassislari ham bor.
JSST hamkorligida har yili tashkil etiladigan mazkur o‘quv kursi – vaksinalar, biotibbiyot mahsulotlarining xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash bo‘yicha eng zamonaviy texnologiyalar, amaliyotlar va ilmiy tajribalarni o‘rganishga yo‘naltirilgan. Kurs davomida ishtirokchilar xalqaro standartlar asosida vaksinalarni ishlab chiqarish, sifat nazorati va laboratoriya jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA