Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Sog‘liqni saqlash vazirligida «Tibbiyot tizimini moliyalashtirish va strategik xaridlar nazariyasi asoslari» mavzuida seminar tashkil etildi.
JSST, «Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» loyiha ofisi hamda Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hamkorligidagi ikki kunlik seminarda sohani moliyalashtirish hamda tibbiy kafolatlar dasturi, strategik xaridlar tizimi, statsionar yordamni moliyalashtirishdagi yondashuv, sohada axborot tizimlarining o‘rni kabi mavzular qamrab olindi.
***
My.gov.uz portalida tibbiy dispanserlarga oid ma’lumotnomalarni yuklab olish imkoni yaratildi. Yagona portalda endilikda eng talabgir bo‘lgan "Ruhiy kasalliklar" yoki "Narkologiya" dispanserlaridan ma’lumotnomalarni hech qanday ariza to‘ldirmasdan olish mumkin.
Buning uchun My.gov.uz orqali kerakli xizmat tanlanib, to‘lov amalga oshiriladi. Avtomatik ravishda ariza to‘ldiriladi va barcha kerakli tekshiruvlar amalga oshiriladi.
***
Bolalar milliy tibbiyot markaziga Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va farovonlik qo‘mitasi raisi tashrif buyurdi.
O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar e’tirof etildi. Uchrashuv davomida hamkorlikda sohada amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
***
Har yili aprel oyining oxirgi haftasida JSST tomonidan «Immunizatsiya haftaligi» bo‘lib o‘tadi.
Aholi orasida yuqumli kasalliklarning oldini olishda emlash tadbirlarining ahamiyati to‘g‘risida targ‘ibot ishlari olib borilib, bolalarni emlash tadbirlari amalga oshiriladi.
Respublikamizda ham davolash-profilaktika muassasalarida «Immunizatsiya haftaligi» tashkil etildi.
Bu yilgi Yevropada immunizatsiya haftaligi – Kengaytirilgan immunizatsiya dasturi tashkilotiga 50-yil to‘lishi munosabati bilan va haftalik dasturida oxirgi ellik yillikda aholi orasida immunizatsiya, vaksinalar bilan emlash tufayli minglab aholi, bolalarning hayoti saqlab qolingani, aholining hayoti, umri uzaygani to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
«Immunizatsiya haftaligi» doirasida olib borilgan emlash tadbirlari kelgusida yuqumli kasalliklar bilan kasallanishning oldini olishga, bolalarning sog‘lom voyaga yetishiga xizmat qiladi.
***
Shu yilning 30-31-may kunlari «O‘zbekiston uchinchi xalqaro farmatsevtika forumi» bo‘lib o‘tadi. Forum xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari Assotsiatsiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamkorligida tashkil etiladi.
"Third International Pharmaceutical Forum of Uzbekistan" farmatsevtika tarmog‘i liderlari uchun yirik ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar, davlat idoralari, regulyator-nazorat organlari, ishlab chiqarish texnologiyalari litsenziarlari, shuningdek, mazkur sohada ishlovchi huquqshunoslar va konsalting mutaxassislari ishtirokidagi tengi yo‘q xalqaro maydondir.
M.Qosimova tayyorladi, O‘zA