Tibbiyot xabarlari: O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning tibbiyot va sog‘liqni saqlashni boshqarish borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rgandi
Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir Mixail Murashko bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning tibbiyot, ilmiy va ta’lim muassasalari rahbarlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Muzokaralar doirasida tibbiy yordamni tashkil etish tizimini takomillashtirish, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, telemeditsinani rivojlantirish, bemorlarni masofadan turib kuzatish hamda tibbiyot kadrlarini tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar sessiyasi o‘tkazildi.
Tomonlar onkologiya, radiologiya, yadro tibbiyoti, gematologiya, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiy reabilitatsiya va palliativ yordam sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Majburiy tibbiy sug‘urta federal jamg‘armasi, Federal halokatlar tibbiyoti markazi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Ishlar boshqarmasi tasarrufidagi Markaziy klinik shifoxona va poliklinika hamda «Barvixa» klinik sanatoriysi faoliyati bilan tanishdi.
Rossiya tomonidan mamlakatning yetakchi federal ixtisoslashtirilgan markazlari faoliyatini tashkil etishning zamonaviy usullari taqdim etildi. Jumladan, A.F. Sib nomidagi Tibbiy radiologiya ilmiy markazi, N.N. Bloxin nomidagi Onkologiya milliy tibbiyot ilmiy markazi, Milliy tibbiyot ilmiy gematologiya markazi hamda Dmitriy Rogachyov nomidagi Bolar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi milliy tibbiyot ilmiy markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi.
***

O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federal tibbiy-biologiya agentligi rahbari Veronika Skvorsova hamda Rossiya Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) rahbari, Rossiya Federatsiyasining Bosh davlat sanitariya shifokori Anna Popova bilan ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi.
Veronika Skvorsova bilan qon xizmati, transplantologiya, biologik xavfsizlikni rivojlantirish, biomolekulyar va bioinjeneriya texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash, donorlarni raqamli kuzatib borish tizimini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Anna Popova tomonidan sanitariya-epidemiologik nazoratni tashkil etish, molekulyar-gigiyenik diagnostika, genomik epidemiologik tahlil, yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda aholi salomatligiga tahdidlar yuzaga kelganda tezkor chora ko‘rish borasidagi Rossiya tajribasi taqdim etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Rospotrebnadzorning ixtisoslashtirilgan ilmiy va laboratoriya bo‘linmalari faoliyati, sanitariya-epidemiologik xavflarni baholash, suv, havo va oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilishda qo‘llanilayotgan zamonaviy usullar bilan tanishdi.
***

O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyada sog‘liqni saqlash tizimi uchun kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini baholash tizimini barcha bosqichlarda – kasbga yo‘naltirish, o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlashdan tortib shifokorlarning diplomdan keyingi ta’limi hamda tibbiyot muassasalari rahbarlarining boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘rgandi.
Moskva 1-son tibbiyot kollejida hamshiralar va o‘rta bo‘g‘in tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari ko‘rib chiqildi. Xususan, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari, simulyatsion o‘qitish hamda kollejning davolash muassasalari bilan hamkorlik tizimi katta taassurot qoldirdi.
Moskva shahri Sog‘liqni saqlash departamentining Kadrlar markazida delegatsiyaga tibbiyot xodimlarining kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini baholashning yagona tizimi taqdim etildi.
Rossiya uzluksiz kasbiy tibbiy ta’lim akademiyasida ordinatura, shifokorlarni kasbiy qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturlari, shuningdek O‘zbekiston mutaxassislari uchun qo‘shma ta’lim dasturlari hamda stajirovkalarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Ishlar boshqarmasi akademiyasi va Rossiya Prezidenti huzuridagi Xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasida (RANXiGS) tibbiyot muassasalari rahbarlarini tayyorlash yondashuvlari, jumladan, boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirish, loyiha boshqaruvi, strategik rejalashtirish hamda muassasalar faoliyati samaradorligini baholash tizimi o‘rganildi.
Tashriflar yakunida tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, pedagog kadrlarni tayyorlash, stajirovkalarni tashkil etish, shuningdek O‘zbekistonda tibbiyot xodimlarining bilim va amaliy ko‘nikmalarini baholashning zamonaviy usullarini joriy etish istiqbollarini muhokama qildi.
***

Zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy yordam sifatini oshirish, innovatsiyalarni joriy etish hamda biznes jarayonlarini takomillashtirish xususiy sektorning ilg‘or tajribasi bilan chambarchas bog‘liqdir.
O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalaridagi xususiy sektor yutuqlari bilan batafsil tanishdi hamda o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldi.
Xalqaro tibbiyot klasteri faoliyati alohida qiziqish uyg‘otdi. Mazkur model xalqaro tibbiy texnologiyalar, ilg‘or tibbiy standartlar va zamonaviy boshqaruv amaliyotlarini joriy etish uchun maxsus huquqiy rejimni yaratishni nazarda tutadi.
Bemor manfaatlarini ustuvor qo‘yishga asoslangan muvaffaqiyatli yondashuvlar «Lapino», «Hadassah Medical Moscow» va «Olimp Klinik MARS» klinikalariga tashriflar davomida muhokama qilindi.
Biotexnologiyalar yo‘nalishiga ham alohida e’tibor qaratildi. «GENERIUM» ilmiy-ishlab chiqarish kompaniyasi bazasida delegatsiya a’zolari dori vositalarini ishlab chiqish va ishlab chiqarishning to‘liq sikli bilan tanishdi.
Shuningdek, texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan dori vositalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda qo‘shma ilmiy-ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
***

Moskva shahar merining ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anastasiya Rakova bilan o‘tkazilgan muzokaralarda delegatsiyaga sog‘liqni saqlash tizimini boshqarishning yagona standartlari taqdim etildi. Mazkur model tibbiy jarayonlarni raqamlashtirish va bemorlarni uzluksiz yo‘naltirish tizimini nazarda tutadi.
«Moya poliklinika» yangi standarti asosida faoliyat yuritayotgan 220-sonli shahar poliklinikasi misolida delegatsiya birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini tashkil etish, bemorlar oqimini boshqarish, raqamli ro‘yxatga olish hamda aholi o‘rtasida profilaktik ishlarni olib borish tamoyillari bilan tanishdi.
S.P. Botkin nomidagi Moskva ilmiy-klinik markazida ko‘p tarmoqli statsionarlarni boshqarish, diagnostika va jarrohlik xizmatlarini tashkil etish, bemorlarni yo‘naltirish hamda zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha Rossiya tajribasi taqdim etildi.
Bolalar klinik shifoxonasida diagnostika, davolash, reabilitatsiya va keyingi tibbiy kuzatuvni o‘zida mujassam etgan bolalarga kompleks ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish modeli tahlil qilindi.
Delegatsiya palliativ yordam tizimi, bemorlarni fanlararo yondashuv asosida kuzatish hamda ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash tamoyillari bilan tanishish maqsadida «Dom s mayakom» bolalar xospisi va Moskva ko‘p tarmoqli palliativ yordam markaziga tashrif buyurdi.
Diagnostika va telemeditsina texnologiyalari ilmiy-amaliy klinik markazi mutaxassislari sun’iy intellekt imkoniyatlari hamda shifokor-rentgenologlarning masofaviy hamkorligi mexanizmlarini namoyish etdi.
Innovatsion jarrohlik texnologiyalari fanlararo trening markazida delegatsiyaga simulyatsion uskunalar va anatomik materiallardan foydalangan holda jarrohlarni amaliy tayyorlash tizimi taqdim qilindi.
Moskva laboratoriya tadqiqotlari markazida robotlashtirilgan laboratoriya diagnostikasi, laboratoriya tarmog‘ining uch bosqichli modeli, ma’lumotlar va tahlil natijalarini raqamli boshqarish tizimi o‘rganildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar pilot loyihalarni ekspertlar ishtirokida amalga oshirishni ham nazarda tutuvchi hamkorlik rejasini ishlab chiqishga kelishib oldi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA