Tibbiy xodimlar uchun o‘quv-amaliy seminar
Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 33-sonli Oilaviy poliklinikada Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tizimdagi tibbiyot muassasalarining rahbar xodimlari uchun o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova ishtirok etdi. Unda 2024 yilning 1 fevralidan 1-apreliga qadar aholining salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga tasniflash uchun qayta xatlov ishini tashkil etish, tibbiy brigadalar kesimida profilaktik ko‘rik va skrining tekshiruvlarini o‘tkazish uchun tarmoq, surunkali kasallik aniqlangan bemorlarni dispanser kuzatuviga olish, sog‘lomlashtirish bo‘yicha individual reja tuzib, shu asosda ishni tashkil etish choralarini ko‘rish haqida so‘z bordi.

Shuningdek, mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlarni nazoratga olish, 40 va undan katta yoshdagi aholining yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, ayollarda onkologik ko‘krak bezi va bachadon saratonini aniqlash bo‘yicha skrining ko‘riklar o‘tkazish va ko‘plab boshqa dolzarb masalalar to‘g‘risida ham fikrlar bayon etildi.
Shu bilan birga, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, u yerda faoliyat olib borayotgan tibbiy brigada va ular oldida turgan vazifalar, uni ijro etish mexanizmlari to‘g‘risida tavsiya va maslahat berildi.
Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Hakimov vazir o‘rinbosari bergan tavsiya va taklif asosida ishni tashkil etish, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, bu borada ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan masalalarga alohida to‘xtaldi.
Muhimi, Sirdaryoda sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari uchun o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminar soha xodimlari uchun har jihatdan foydali bo‘lib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri