Tibbiy laboratoriyalar uchun idishlar
Namangan tumanidagi “Turbo plast plus” korxonasida tibbiy tahlillar o‘tkazishda foydalaniladigan maxsus idishlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Namangan tumanidagi “Turbo plast plus” korxonasida tibbiy tahlillar o‘tkazishda foydalaniladigan maxsus idishlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatimizda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor, yaratilayotgan keng imkoniyatlar mavjud korxonalarning rivojlanishi, faoliyat doirasini yanada kengaytirishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buni qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Turbo plast plus” korxonasi jamoasining izlanishlari samarasida ham ko‘rish mumkin. Korxona mamlakatimizda birinchilar qatori oddiy plastmassadan ana shunday idishlar tayyorlash texnologiyasini o‘zlashtirdi. Ushbu yangi loyihaning amalga oshirilishi bilan oyiga 500 ming donadan ziyod tibbiy laboratoriyalar uchun ixcham idish ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ldi. Tibbiyot muassasalari laboratoriyalarida o‘tkaziladigan tahlil uchun qon va boshqa moddalarni saqlashga mo‘ljallangan bu idishlar sterillangan. Yangi mahsulotning yarmidan ortig‘ini eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Namangan tumani hokimligining iqtisodiyot bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, tuman sanoat salohiyatini oshirish dasturiga asosan joriy yilda umumiy qiymati 60 milliard so‘mga yaqin 18 shunday loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.