Tibbiy ko‘rik – salomatlik omili
Sardoba tuman tibbiyot birlashmasining kardiolog, endokrinolog, nevropatolog, ginekolog kabi tor doiradagi mutaxassislari "Do‘stlik" oilaviy shifokorlik punktida Yangiqishloq mahallasida istiqomat qilayotgan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Shuningdek, aholi orasida uchrayotgan yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, uning kelib chiqish sabablari hamda oldini olish maqsadida Salomatlik va strategik rivojlanish instituti Sirdaryo filiali mutaxassislari ishtirokida “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida targ‘ibot tadbiri ham o‘tkazdi.


– Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik davomida 7 nafar fuqaroda turli holatdagi kasalliklar aniqlandi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Faxriddin Xolmatov. – Ularga tuman, viloyat shifoxonalarida davolanish, salomatliklarini tiklash uchun tavsiya berildi. Ayrimlariga qayta tekshiruvdan o‘tish uchun maslahatlar berildi.


Sardobada davom etayotgan bu kabi tibbiy ko‘riklar kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri.