Tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida xavfsiz muhitni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, aholi hayoti va mulkini muhofaza qilish hamda kriminogen holatlarni barqarorlashtirish maqsadida tuman hokimligi huzurida “Chilonzor tumani tajribasi” asosida idoralararo tezkor shtab tashkil etildi.
Mazkur tashabbus doirasida bir necha davlat va ijtimoiy idoralar faoliyati integratsiyalashib, tezkor qarorlar qabul qilish va hududda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni oldini olishga yo‘naltirilgan samarali mexanizm yaratildi.

Shtab faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tuman hokimi Ziyadulla Karimov va tuman prokurori Ravshanbek Norbayev boshchiligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda tuman IIB boshlig‘i podpolovnik Bekzod Sanayev tomonidan taqdimot o‘tkazilib, u orqali ishchi guruh a’zolari va biriktirilgan mas’ullarning vazifalari batafsil tushuntirildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, shtab a’zolari va mas’ullar sutka davomida doimiy ravishda faoliyat olib borishi, hududdagi vaziyatni tezkor tahlil qilishi hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.
“Chilonzor tumani tajribasi” shu jihatdan ahamiyatli bo‘lib, unda idoralararo tezkor shtablar orqali huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallalarda jamoat tartibini ta’minlash va aholi xavfsizligini yuqori darajada saqlash samarali amalga oshirilgan. Sardoba tumani ham ushbu tajribani qo‘llab, o‘z hududida samarali tizimni yo‘lga qo‘ymoqda, bu esa aholi hayoti va xavfsizligi uchun muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Mazkur tizimning yo‘lga qo‘yilishi mahallalarda jamoat tartibi va huquqbuzarliklarga qarshi profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishligi o‘tkazilgan yig‘ilish davomida ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri