Texnogen holatlarda tezkorlik talab etiladi
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialining “Vobkent” gaz to‘ldirish shoxobchasida Vobkent tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, tez tibbiy yordam bo‘limi bilan hamkorlikda o‘t o‘chirish va texnogen holatlarning o‘z vaqtida bartaraf etilishi yuzasidan o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Unda gazdan zaharlangan xodimga dastlabki yordam ko‘rsatish, yong‘inni bartaraf etish va shaxsiy tarkibning tayyorgarligini oshirish, malakasini shakllantirish, sinovdan o‘tkazish choralari ko‘rsatib o‘tildi. Yo‘l qo‘yilgan muammolar yuzasidan ko‘rsatma va yo‘riqnomalar berildi.

–Tashkil etilgan taktik o‘quvlardan asosiy maqsad xodimlarning tezkorligini oshirish, ularning har qanday holatda tayyorgarligini yanada shakllantirishdan iboratdir, – deydi gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov. –Bu kabi o‘quvlarni har oyda o‘tkazib kelamiz. Viloyatda faoliyat olib borayotgan uchta gaz to‘ldirish shoxobchasidagi xodimlarning ko‘nikmasini shakllantirib kelyapmiz. To‘g‘ri, o‘rganishlar, o‘qishlar davomida muammolar yo‘q, emas. Ammo o‘sha muammolarning o‘z vaqtida bartaraf etilishi uchun tavsiyalar berilmoqda. Ayniqsa, hamkor tashkilotlar bilan ishlash ko‘lamini yanada kengaytirish masalasi ham bugun xodimlar uchun juda muhim hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Vobkent gaz to‘ldirish shoxobchasi 2017 yilda ishga tushirilgan. Viloyatning Vobkent, Shofirkon va G‘ijduvon tumanlaridagi aholi iste’molchilarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda xizmat ko‘rsatadi. Kunlik quvvati 22 tonna bo‘lib, oylik 550-560 tonna suyultirilgan gazni qabul qiladi.


Biriktirilgan mas’ul xodim tomonidan maishiy gaz ballonlardagi og‘ir qoldiqlar maxsus uskuna orqali bo‘shatiladi. To‘ldiruvchi chilangarlar tomonidan belgilangan miqdorlarda suyultirilgan gaz to‘ldiriladi. O‘quv mashg‘uloti davomida yuzaga kelgan yong‘inni vaqtida bartaraf etilishi yuzasidan yo‘riqnomalar berildi. Bu holat amaliy jarayonlarda ko‘rsatilar ekan, uning o‘z vaqtida bartaraf etilishi yuzasidan ham choralar ko‘rildi.
Zarif Komilov,
O‘zA