Texnika – dehqonning qanoti
Yer haydash, ekish, ekinlarga ishlov berish, hosilni yig‘ib-terib olish ishlari qanchalik texnika bilan qamrab olingan bo‘lsa, mashaqqat ham shunchalik kam bo‘ladi.
Yer haydash, ekish, ekinlarga ishlov berish, hosilni yig‘ib-terib olish ishlari qanchalik texnika bilan qamrab olingan bo‘lsa, mashaqqat ham shunchalik kam bo‘ladi. Shu boisdan, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligini, jumladan, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va chorvachilik sohalarini mexanizatsiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur sohalarga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini texnika bilan ta’minlanish darajasi talabga javob bermaydi. Sabzavot, poliz, kartoshka ekinlariga, bog‘ va tok qator oralariga ishlov beradigan texnikalar bilan ta’minlanganlik darajasi me’yordan past. Ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirgan mavjud texnika va agregatlarning ish unumdorligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Intensiv bog‘ va tokzorlarda qator orasiga ishlov beradigan tejamkor, ish unumdorligi yuqori minitexnika, sabzavot va kartoshka ekadigan, hosilni yig‘ib oladigan texnikalar deyarli mavjud emas.
Yuqoridagi sabablarga ko‘ra, sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarini o‘z vaqtida ekish, oziqlantirish, kasalliklarga qarshi kurashish hamda yig‘ishtirib olish, bog‘ va tokzorlarda sifatli agrotexnik tadbirlarni maqbul muddatlarda va me’yorlarda o‘tkazish ta’minlanmayapti.
Alohida qayd etish kerakki, davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasini tubdan yaxshilash, pirovardida dehqon, fermerlarning og‘irini yengil qilish, hosildorlikni yaxshilashga alohida e’tibor qaratmoqda. Joriy yilning so‘nggi 10 oyida qiymati 1,4 trillion so‘mlik 9 ming 673 ta qishloq xo‘jaligi texnika va agregati joylarga yetkazib berildi.
Texnika parkini yangilash darajasi so‘nggi 5 yil davomida yiliga o‘rtacha 4-5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oxirgi 2 yilda bu ko‘rsatkich birinchi marta yiliga 10-12 foizga yetib, 7-8 foizga oshdi, texnika parkining ta’minlanish darajasi esa 85 foizdan 92 foizga yetkazildi.
Bu chora-tadbirlar o‘z samarasini berayapti. Jumladan, joriy yilda yangi qishloq xo‘jaligi texnikalarining yetkazib berilishi hisobiga chigit ekish mavsumi 25 kundan 15 kunga, g‘alla o‘rish mavsumi 30 kundan 22 kunga qisqardi. Shudgorlash ishlarini 25-30 kunda yakunlashga imkoniyat yaratildi. Eng asosiysi, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida sifatli o‘tkazilishi tufayli hosildorlikni 10-15 foizga oshirishga erishilmoqda.
Qayd etish lozim, davlatimiz rahbarining tegishli qarorlariga asosan respublikada ishlab chiqarilgan barcha turdagi traktorlar, g‘alla va paxta seyalkalari, shuningdek, uch yoki undan ortiq omoch korpuslarini xarid qilish uchun kredit, lizing shartnomalari bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari hamda lizing kompaniyalari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizi O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Shuningdek, 2019-2021 yillarda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan mahalliylashtirish darajasi 20 foizdan kam bo‘lmagan holda, respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilinganida texnika narxining 15 foizi miqdorida subsidiya beriladi.
Joriy yilda tajriba tariqasida Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan jalb qilinadigan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Albatta, sohadagi vaziyatni tubdan yaxshilash uchun vaqt, imkoniyatlar talab etiladi. Yuqoridagilarni esa bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning debochasi deyish mumkin va qishloq xo‘jaligi texnika parkini yangilash izchil davom ettiriladi.