Texnik hamkorlik loyihasining II-bosqichiga start berildi
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazida 2019-2023-yillarda amalga oshirilgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Texnik hamkorlik loyihasi muhokamalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent davlat texnika universiteti, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda JICAning Yaponiyadagi bosh ofisi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda loyihaning I-bosqichi yakunlari sarhisob qilindi va II-bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar kelishib olindi.

Jumladan, I-bosqich doirasida markazda yosh olimlar, talabalar jahon amaliyoti va xalqaro andozalarga muvofiq ilmiy tadqiqotlar olib borishning zamonaviy, ilg‘or usul va texnologiyalarini egallashlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilib, kadrlar salohiyatini kuchaytirish maqsadida 15 nafardan ortiq yosh olimlar Yaponiyaning yetakchi ilmiy va ta’lim muassasalarida magistratura hamda PhD doktorantura bosqichlariga yo‘naltirildi.

Muvaffaqiyatli hamkorlikni davom ettirish maqsadida loyihaning 2025-2029-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan II-bosqichini boshlash yuzasidan uch tomonlama birlamchi hujjat imzolandi.

Unga ko‘ra, innovatsion faoliyat natijalarining transferi va tijoratlashtirilishi, startap loyihalarni amalga oshirish, sanoat darajasida ularni to‘laqonli joriy etishda amaliy yordam ko‘rsatish yo‘li bilan yoshlar, olimlar va ilmiy izlanuvchilarning iqtisodiyot sohalari va korxonalarning ilmiy-texnik muammolarini hal etish yo‘lidagi amaliy faoliyati kuchaytiriladi.

2025-2029-yillar uchun mo‘ljallangan Texnik hamkorlik loyihasining yakuniy hujjati ikki davlat mas’ul tashkilotlari tomonidan berilgan takliflarni inobatga olgan holda, joriy yilning aprel oyida imzolanishiga kelishildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA