Test sinovlari o‘tkaziladigan sanalar belgilandi
2026-2027 o‘quv yilida davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari 14-iyuldan 23-iyulga qadar (10 kun) bo‘lib o‘tadi.
Test sinovlari kuniga 2 smenada tashkil etiladi. 1-smena soat 08:00 da, 2-smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlar test sinovlari boshlanishidan kamida bir yarim soat oldin belgilangan hududga yetib kelishlari talab etiladi.
Test sinovlarida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali taqdim etilmoqda. Abituriyentlardan o‘zlariga tegishli ruxsatnomani yuklab olishlari hamda chop etib qo‘yishlari so‘raladi.
Abituriyentlar ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzildagi binoda, belgilangan sana va smenada test sinovlarida ishtirok etadi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test topshirishga ruxsat berilmaydi.
Test sinoviga keluvchilar pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan, belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishi kerak.
Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
Barcha abituriyentlar ruxsatnomalarini o‘z vaqtida yuklab olishlari lozim.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA