Tersakda turizm mavsumi to‘xtamaydi
27-sentabr — Butunjahon turizm kuni
Samarqand viloyatining Urgut tumani tog‘li hududlari tabiati, musaffo havosi va o‘ziga xos manzaralari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelada. Ayniqsa, “Taxtiqoracha” dovoni yoqasida, tog‘lar bag‘rida joylashgan Tersak qishlog‘i keyingi yillarda turizm yo‘nalishidagi imkoniyatlari bilan e’tibor qaratmoqda.
Tersakka 2021-yilda “Turizm qishlog‘i” maqomi berilgan. Shundan so‘ng hududda turistik infratuzilmani rivojlantirish, mehmon uylarini tashkil etish, xonadonlarda sayyohlarni qabul qilish va ularga milliy urf-odatlar hamda an’analar bilan tanishish imkoniyatini yaratish bo‘yicha ishlar olib borildi.
[gallery-31567]
2025-yil may oyida qishloqqa “Turizm qishlog‘i” maqomi sertifikati rasman topshirildi. Ayni paytda hududda 35 ta mehmon uyi faoliyat yuritmoqda. Tog‘ va ekoturizm, qishloq turizmi, gastronomik turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, xonadonlarda milliy taomlarni tayyorlash va sayyohlarga taqdim etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Tersakning o‘ziga xos jihatlaridan biri — bu yerda turizmni faqat bir mavsum bilan cheklab qo‘ymaslikka e’tibor qaratilayotganidir.
— Turizm qishlog‘i faqat yoz faslida dam olinadigan maskan bo‘lib qolmasligi kerak. Qishlog‘imizda har bir faslda sayyohlar uchun qiziqarli hordiq chiqarish imkoniyatlari bor, - deydi Tersak mahallasidagi hokim yordamchisi G‘iyos G‘afforov. — Shu maqsadda mavjud mehmon uylarining uchtasida milliy taomlarni tayyorlash va sayyohlarga taqdim etish yo‘lga qo‘yildi. Hududda ekstremal turizmni rivojlantirish maqsadida ziplayn tashkil etish ishlari ham boshlandi. Shuningdek, xorijdan tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun mo‘ljallangan 100 o‘rinli mehmonxona qurilmoqda.
Bugun Tersakda turizm infratuzilmasini yanada kengaytirish, sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini ko‘paytirish va hududning turistik salohiyatini namoyon etishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
Zero, turizm qishlog‘i nafaqat so‘lim tabiat qo‘ynida hordiq chiqariladigan maskan, balki mahalliy aholining turmush tarzi, urf-odatlari, milliy taomlari va an’analarini namoyon etadigan o‘ziga xos sayyohlik manzilidir.
Tersakda ana shu jihatlarni birlashtirish orqali yilning har bir faslida sayyohlarni qabul qilish va ularga turli yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatish uchun imkoniyatlar kengayib bormoqda.
Alisher ISROILOV(surat),O‘zA