Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqildi
Idoralararo komissiya xulosasiga ko‘ra, 11 nafar fuqaro jinoiy javobgarlikdan ozod etiladigan bo‘ldi.
Idoralararo komissiya xulosasiga ko‘ra, 11 nafar fuqaro jinoiy javobgarlikdan ozod etiladigan bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublika Bosh prokuraturasida Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda komissiya va ishchi guruh a’zolari, ya’ni Oliy sud raisi o‘rinbosari, Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, Respublika mahallar kengashi raisi o‘rinbosari, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Tashqi ishlar vazirining maslahatchisi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari, Musulmonlar idorasi, DXX, IIV va Bosh prokuraturaning tegishli boshqarma va tarmoq boshliqlari hamda mas’ul xodimlari qatnashdi.
Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning 2018 yil 19 sentabrdagi “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan 12 nafar fuqaroning jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida taqdim etilgan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda komissiya a’zolari bir ovozdan taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan 11 nafar fuqaroni jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida xulosalari qabul qilindi, 1 nafar fuqaroning murojaatini qo‘shimcha o‘rganish uchun ishchi organga qaytarish haqida ovoz berildi.
Ma’lumot uchun: Komissiyaga joriy yilning 1 yanvar kuniga qadar jami 70 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 18 tasi farmon talablariga mos kelmagan, 20 tasi komissiyada muhokama qilingan (10 tasi javobgarlikdan ozod etish va 4 tasini rad etish haqida xulosa qilingan, 6 tasi qo‘shimcha o‘rganishga qaytarilgan), 32 tasi qoldiqda qolgan.
Jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan 11 nafar fuqaroni O‘zbekistonga qaytarish, ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish haqida topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda komissiya va ishchi guruh a’zolarining kelgusi vazifalari belgilab olindi.