Termizda xalqaro uloq-ko‘pkari turniri boshlandi
Avval xabar qilganimizdek, Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi Qorabayir otlari mahorat maktabida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida jamoaviy xalqaro uloq-ko‘pkari turniri o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 5 avgustdagi “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan bellashuvda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlarining oltita jamoasi o‘zaro kuch sinashmoqda.
Bugun xalqaro musobaqaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov mahalliy va xorijlik chavondozlarni, qo‘shni davlatlardan kelgan mehmonlarni, ko‘pkari shinavandalarini Navro‘zi olam va xalqlarimizni yagona ezgu maqsad yo‘lida birlashtirishga xizmat qilayotgan xalqaro uloq-ko‘pkari o‘yinining boshlanishi bilan tabrikladi. Janubdagi vohada ikkinchi marta o‘tkazilayotgan xalqaro turnirning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida fikr yuritib, chavandozlar jamoalarining g‘oliblik shoxsupasidan joy olishiga omad tiladi.
Xalqaro turnir nizomiga ko‘ra, chavandozlar jamoalarining maydonga tushishi qur’a tashlash yo‘li bilan ochiq, oshkora aniqlab olindi. Musobaqa oldidan chavondozlarga jamoaviy bellashuvning tartib-taomillari tushuntirildi. Hakamlar va jamoalar a’zolari tanishtirildi. Bellashuvni Qirg‘iziston va Tojikistonlik chavandozlar jamoalari boshlab berdi.
— O‘yin juda murosasiz boshlandi, – deydi Qozog‘iston Respublikasi jamoasi yetakchisi Jamanqara Samad. – Uloq-ko‘pkari bizda ham yaxshi rivojlangan. Bu o‘yinni xalqimiz sevib tomosha qiladi. Jamoamiz eng mohir chavandozlardan tashkil topgan. Bu bizning maydonda halol o‘ynab, sovrinli o‘rinni egallashimizga ishonch o‘yg‘otmoqda.
Mamlakatimizda yilqichilik, xususan, qorabayir zotli otlarni ko‘paytirib, parvarishlashga qaratilayotgan alohida e’tibor qadimdan ot bilan do‘st tutinib kelgan Surxondaryo viloyatini yilqichilikni rivojlantirishning ikkinchi yacheykasiga aylantirayotgan bo‘lsa, yurtimiz chavandozlarini yangi-yangi marralar sari undamoqda.
— Bu yilgi musobaqada mamlakatimiz sha’nini himoya qilish uchun alohida hozirlik ko‘rganmiz, – deydi “O‘zbekiston-2” terma jamoasi chavandozi Nurnazar Hamzayev. – Men Samarqand chavandozlar maktabi a’zosiman. So‘nggi yillarda yurtimizda yilqichilikni, uloq-ko‘pkari o‘yinlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor bizni mard, polvon ajdodlarimiz an’analarini qayta tiklab, xalqaro bellashuvlarda ham munosib o‘rinlarni qo‘lga kiritish va yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratishga kuch bag‘ishlamoqda.
Turnirning tantanali ochilish marosimi san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi, el suygan baxshilar termalari, harbiy orkestr musiqalari va chavandozlarning ko‘rgazmali chiqishlari bilan yakunlandi. Xalqaro turnirda birinchi o‘rinni egallagan jamoa 100 million, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan chavandozlar 75 million va uchinchi o‘rin sohiblari 50 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Shuningdek, qator nominatsiyalar g‘oliblariga turnir tashkilotchilarining qimmatbaho sovg‘alari topshiriladi.
Turnir uloq-ko‘pkari muxlislarining olqishlari bilan qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA