Termizda psixologlar anjumani boshlandi
Bugun Termiz shahridagi San’at saroyida “Destruktiv xulq psixoprofilaktikasi: muammo va yechimlar” mavzuiga bag‘ishlangan voha psixologlarining birinchi ilmiy-amaliy forumi boshlandi.
Unda xalq ta’limi tizimi psixologlari, viloyat prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat hokimligi, Termiz davlat universiteti, viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbir vohada ilk marta o‘tkazilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda psixologiya sohasi bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash va amaliyotchi psixologlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlatimiz, hukumatimiz belgilab olgan muhim yo‘nalishlardan biriga aylandi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida psixologiya o‘quv-ilmiy markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, psixolog mutaxassislar malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashishi uchun qulay sharoit yaratildi.
Sohaga e’tiborning kuchaytirilayotgani mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qilayotir. Joylarda ijtimoiy sog‘lom muhitni shakllantirish, yoshlar tarbiyasining ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish hamda shaxsning ma’naviy kamol topishida muhim omil bo‘lmoqda. Shunga muvofiq keyingi yillarda profilaktika inspektorlari va jamoatchilik vakillarining ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda viloyatdagi umumta’lim maktablarida 1 ming 568 amaliyotchi psixolog bu borada mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
O‘tkazilayotgan ushbu tadbir ham O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oida davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlab, xalq ta’limi tizimidagi amaliyotchi psixologlarning tajriba va malakasini oshirishga, yoshlarning turli yot ta’sirlariga berilishi yuzasidan mafkuraviy himoya qilishga, immunitet tizimini yaratib, munosib xulq-atvorni shakllantirishning psixologik modelini ishlab chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Ch.Begimqulov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Sh.Saidov, Toshkent shahar IIB psixologik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i, psixologiya fanlari nomzodi, Podpolkovnik I.Arifxodjayeva va boshqalar ana shular haqida atroflicha fikr yuritdi.
Forum ishtirokchilari sohaga oid turli mavzularda mahalliy va poytaxtdan kelgan tajribali olimlar, soha mutaxassislarining qiziqarli ma’ruzalarini tinglamoqda.
Ilmiy-amaliy forum o‘n kun davom etadi. Tadbir doirasida o‘quv mashg‘ulotlari va ijtimoiy-psixologik treninglar o‘tkaziladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA