Termizda pilla g‘umbagidan efir moyi olinadi
Termiz shahridagi “Matbuot uyi”da Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati, “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida “Pillachilik tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar” mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda viloyat “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilari keyingi yillarda mamlakatimizda sohani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va qo‘llanilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi. Prezidentimizning shu yil 3 maydagi “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati xususida atroflicha fikr almashildi.

Qayd etildiki, ipak qurti boqishda boy tajribaga ega viloyatning tutchilik xo‘jaliklari 3 million 800 ming, pillachilik klasterlari 2 million 900 ming va aholi tomarqasida 6 million tup tut parvarishlanmoqda.
Joriy yil hosili uchun 3 ming 880 ta fermer xo‘jaligining 23 ming 550 pillakori va 8 ming 650 kasanachi bilan ipak qurti boqish uchun shartnoma tuzilgan. Ipak qurti Vetnam tajribasi asosida intensiv usulda plyonka ostida parvarishlanayotgan ilk yilda viloyat pillakorlari 35 ming 547 quti ipak qurtini boqib, 2 ming 100 tonnadan ortiq sifatli xomashyo terib olishni mo‘ljallamoqda.

Viloyatda “Surxon ipagi” va “Inter silk pro” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi pillachilik klasteri faoliyat yuritmoqda. “Huashen silkworm pro” ipak qurti urug‘chiligi, “Silk Road-Tex” ipakli tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonalari mavjud. Mazkur korxonalar 277 million so‘mlikdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarib, 5 million 800 ming dollar qiymatidagi raqobatbardosh mahsulotni eksport qildi.

--Pilla chiqitsiz texnologiyaga ega noyob mahsulot,--deydi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasining Pilla tayyorlash va birlamchi ishlov berish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jafarbek Joʻraqulov.- Viloyatda sohani yanada rivojlantirish uchun Termiz shahrida qiymati 6,4 million dollarlik sanoat usulida ipak gilam ishlab chiqarish korxonasi barpo etilmoqda. Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlarining har birida qiymati 1,5 million dollarlik pillachilik klasterlari tashkil qilinayotir. Shuningdek, Termiz shahrida ipak qurti g‘umbagidan efir yog‘i olish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Matbuot anjumanida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri