Termizda inklyuziv ta’lim tajribasi
FOTOREPORTAJ
Har bir bolaning ta’lim olish, rivojlanish va jamiyatda o‘z o‘rnini topish huquqini ta’minlash ta’lim tizimining muhim vazifalaridan biri. Shu bois alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni tengdoshlari qatorida ta’lim-tarbiyaga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Termiz shahridagi 9-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bu borada samarali tajriba yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan inklyuziv guruhda ayni paytda 9 nafar tarbiyalanuvchi ta’lim-tarbiya olmoqda.
Bolalarning individual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida guruh mashg‘ulotlariga defektolog va logoped mutaxassislar jalb etilgan. Maxsus korreksion xonada tarbiyalanuvchilarning nutqini rivojlantirish, muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish, mavjud imkoniyatlarini kengaytirish va ijtimoiy muhitga moslashuvini yaxshilashga qaratilgan mashg‘ulotlar muntazam o‘tkazilmoqda.
[gallery-30869]
Inklyuziv ta’lim jarayonida har bir bolaning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqib yondashilmoqda. Individual mashg‘ulotlar tarbiyalanuvchilarning o‘zlashtirishi, tengdoshlari bilan muloqoti va kundalik hayotga moslashuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
E’tiborlisi, joriy yilda inklyuziv guruhning 5 nafar tarbiyalanuvchisi tayyorlov bosqichini tamomlab, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilgan inklyuziv sinflarda o‘qishni davom ettiradi.
Bu esa maktabgacha ta’lim bosqichida yaratilgan sharoit va individual yondashuv bolalarning keyingi ta’lim jarayoniga muvaffaqiyatli moslashuvi uchun muhim poydevor bo‘layotganidan dalolat beradi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA