Termizda attraksiondan yiqilganlarning ahvoli qanday?
Ijtimoiy tarmoqlarda Termiz shahridagi “Bolajon” istirohat bog‘idagi “Quvnoq tepalik” attraksionida o‘rindiq sinib, yerga qulab tushishi oqibatida to‘rt nafar fuqaro turli xil jarohat olgani aytilgan xabar tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur holat kecha, ya’ni 16-aprel kuni soat kunduzgi ikkidan so‘ng yuz bergan. Jabrlanganlar zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filialiga yotqizilib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filialidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, jarohat olganlarning bir nafari reanimatsiya bo‘limida qolmoqda, holati yaxshi. Qolganlari umumiy palatalarda zarur muolajalarni olayotir. Shifokorlar ularning to‘liq sog‘ayishi uchun muayyan vaqt kerakligini aytmoqda.
Shahar markazidagi “Bolajon” istirohat bog‘i “Termiz avnue park” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bo‘lib, holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari dastlabki tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri