Termizda 1 ming 540 o‘ringa mo‘ljallangan yangi maktab ish boshladi
Termiz shahrida yangi barpo etilgan 26- umumiy o‘rta ta’lim maktabi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan ta’lim muassasasida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda mustaqillik yillari mamlakatimizda yosh avlodga chuqur bilim berib, ularning izlanish va istedodini qo‘llab-quvvatlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani takidlandi. Ayniqsa, keyingi yillarda sohaga qaratilayotgan yuksak etibor talim sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.
Prezidentimiz 2019 yil 30 aprel va 1 may kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Termiz shahrining Bog‘ishamol mahallasi Farovon massivida barcha qulayliklarga ega zamonaviy maktab barpo etish vazifasi berilgan edi. Shunga muvofiq viloyatning Investitsiya dasturi doirasida mazkur talim muassasasini qurish belgilanib, qariyb 39 milliard so‘mlik qurilish-montaj va pardozlash ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy usulda jihozlanib, o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun barcha qulaylik yaratildi.

-Eng ulug‘,eng aziz bayramimiz shukuhi esayotgan shu kunlarda yangi o‘quv yiliga sovg‘a qilingan talim-tarbiya maskanimiz hozircha vohadagi eng yirik maktab,-deydi talim dargohi direktori Ixtiyor Ziyotov.-1 540 o‘quvchiga mo‘ljallangan. To‘rt qavatli zamonaviy binodan iborat bu dargohda ikkita sport zal, 250 o‘rinli oshxona, 350 o‘rinli faollar zali, axborot-kutubxona markazi, o‘quv zali, sun’iy qoplamali stadion, sport maydonlari ham bunyod etilgan. Barcha xonalar kompyuter, internet, kondensioner, kuzatuv kamerasi, ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Bu yerda talim o‘zbek va rus tillarida olib boriladi. Bu maktabning qad rostlagani shahardagi Bog‘ishamol va Kattabog‘ mahallalari hududidagi 1-11 sinf o‘quvchilarini to‘liq qamrab olishga qulay imkoniyat bo‘ldi. Ilk o‘quv yili arafasida eng sara o‘qituvchilar tanlov asosida ishga qabul qilinmoqda.

Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi. Yangi o‘quv yili uchun o‘qishga qabul qilingan o‘g‘il-qizlar bilan suhbatlashdi. Salobatli maktab kutubxonasiga 200 dan ortiq badiiy kitob sovg‘a qildi.
Bayramona tadbirga sanatkorlar ijrosidagi dilrabo kuy-qo‘shiqlar o‘zgacha fayz ulashdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA