Termiz – “Shimol – Janub” transport-logistika koridorida ishonchli ko‘prik
Termizda o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston – Rossiya: Yevrosiyo makonida strategik sheriklik” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etayotgan “Valday” xalqaro munozara klubi dasturi direktori Timofey Bordachyov muxbirimizga hamkorlikdagi anjumanning ahamiyati va Termizning Yevrosiyo makonidagi bugungi o‘rni haqida intervyu berdi:
– O‘zbekiston – Rossiya aloqalari rivojida ekspertlarning bir joyda to‘planib, muhim masalalarni ishonchli, ochiq, qizg‘in muhokama etishining o‘z o‘rni bor. Chunki, mamlakatlarimizning ikki tomonlama xalqaro rivojlanish bosqichlarini chuqur tahlil qilib, muhokama etish ikki davlat uchun ham har taraflama manfaatli bo‘ladi. Barcha ishlar muvofiqlashtiriladi. Bugungi uchrashuvimiz ham aynan ana shu maqsadlarga qaratilgani e’tiborga sazovordir.
Bilasizmi, shu o‘rinda bir fikrimni aytmoqchiman: men anjumanimiz o‘tayotgan xalqaro bu markazda birinchi marta bo‘layotganim yo‘q. Savdo zonasini qurish rejalashtirilgan yillardan boshlab kuzatganman. Bu joyda o‘tgan besh yilda amalga oshirilgan ishlarni, xalqaro savdo uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, katta taassurotga ega bo‘ldim. Menimcha, O‘zbekiston hozir Rossiyani mustaqil hamdo‘stlik davlatlari, shu jumladan, Afg‘oniston va Janubiy Osiyo bilan bog‘lash uchun ko‘prik vazifasini bajarmoqda.
Bugun biz Termizning xalqaro savdo platformasida O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston kabi davlatlarning mahsulotlarini uchratyapmiz. Bu O‘zbekistonning “Shimol – Janub” transport-logistika koridorida ishonchli xalqaro aloqalarni ta’minlayotganining amaldagi ifodasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri