Terma jamoamiz durang o‘ynadi
Kolumbiyada mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari dastlabki ochkoni qo‘lga kiritdi.
Kolumbiyada mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari dastlabki ochkoni qo‘lga kiritdi.Nufuzli musobaqada dunyoning eng kuchli yigirma to‘rt davlati terma jamoasi 6 guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar hamda eng yaxshi ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinni egallagan to‘rtta jamoa pley-off bosqichida ishtirok etadi.
Chempionatda Kolumbiya, Portugaliya va Panama terma jamoalari bilan “A” guruhida to‘p surayotgan mamlakatimiz futbolchilari dastlabki o‘yinda panamaliklarga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. Guruhdagi ikkinchi bahsda terma jamoamiz a’zolari kolumbiyalik futbolchilarga qarshi maydonga tushdi.
O‘yin boshlanishi bilanoq hujumga e’tibor qaratgan futbolchilarimiz 5-daqiqada Javlon Anorovning raqib darvozasiga yo‘llagan aniq zarbasi evaziga hisobni ochdi. 15-daqiqada Dilshod Irsaliyev ham kolumbiyaliklar darvozasini ishg‘ol qildi – 2:0. Oradan uch daqiqa o‘tib mezbonlar vakili Xorxe Abril hisobni qisqartirgan bo‘lsa, 28-daqiqada Nodir Eliboyev hisobni 3:1 ko‘rinishga keltirdi. Ammo uchrashuv yakunlanishiga sanoqli daqiqalar qolganda Kolumbiya terma jamoasi a’zosi Angelott Karo ikkita golga mualliflik qilda va jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Uchrashuv 3:3 hisobi bilan yakunlandi. Ayni paytda terma jamoamiz hisobida bir ochko bor. Futbolchilarimiz navbatdagi o‘yinni 16-sentabr kuni Portugaliya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.