Tennischilarimiz “Devis kubogi”ga tayyor
Poytaxtimizdagi “Humo Arena” ko‘p tarmoqli majmuasida joriy yilning 2-3 fevral kunlari tennis bo‘yicha “Devis kubogi”ning I Jahon guruhi uchun saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston – Polsha terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
O‘zbekiston sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) hamda mamlakatimiz tennis federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan mazkur uchrashuvda yurtimiz sharafini Denis Istomin, Humoyun Sultonov, Sergey Fomin, Maksim Shin, Amir Milushev himoya qiladi.
Polsha terma jamoasida Xubert Xurkach, Maks Kasnikovski, Kamil Mayxshak, Karol Drzovski, Yan Zelinski tennischilar kortga chiqadi.

– “Devis kubogi” musobaqasiga puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Raqib jamoa a’zolarini yaxshi bilamiz, ular bilan ATR musobaqalarida bahslashganmiz va o‘yinlarini kuzatganmiz. Ishonamizki, musobaqada g‘alaba qozonamiz. Buning uchun barcha imkoniyatlar yetarli, – deydi Denis Istomin. – Nasib qilsa, musobaqaning jahon ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritamiz.
Eslatib o‘tamiz, “Devis kubogi”ning fevral oyida bo‘ladigan saralash bahslarida 24 ta terma jamoa 12 ta juftlikka bo‘lingan holda kurash olib boradi. Ushbu bahslarda g‘olib bo‘lgan 12 ta terma jamoa jahon ligasi bahslarida ishtirok etadi. Mag‘lub bo‘lgan terma jamoalar esa kelasi yilgi pley-off o‘yinlarida qatnashish uchun mintaqaviy bahslarda kurash olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA