Tennis: O‘zbekiston “Devis kubogi”da Estoniya bilan kuch sinashadi
Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan terma jamoalar o‘rtasidagi norasmiy jahon chempionati – “Devis kubogi”ning e’lon qilingan II guruh taqvimiga ko‘ra, mamlakatimiz raketka ustalari Estoniya terma jamoasi bilan ro‘baro‘ keladigan bo‘ldi.
Mazkur uchrashuv joriy yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tishi belgilandi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, Estoniya tennischilariga qarshi o‘yinlar Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Hozircha o‘yinlarning rasmiy sanasi va poytaxtimizdagi aynan qaysi arenada o‘tkazilishi rasman tasdiqlanmagan.
Aytish lozimki, O‘zbekiston terma jamoasi “Devis kubogi”dagi so‘nggi o‘yinini joriy yilning fevral oyida I jahon guruhiga saralash doirasida Polshaga qarshi o‘tkazib, 0:4 hisobida imkoniyatni boy bergandi.
Estoniya esa o‘zining oxirgi o‘yinida Eronni 3:1 hisobida mag‘lub etib, II jahon guruhiga yo‘l olgandi.
O‘zbekiston-Estoniya tennis jamoalari bugungacha rasmiy musobaqada to‘qnash kelmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi ayni paytda “Devis kubogi” reytingida 42-o‘rin, Estoniya esa 57-o‘rindan joy olib turibdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA