Tendersiz qurilishlar davom etmoqda
Qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash, ushbu yo‘nalishda uchrayotgan korrupsiya holatlariga barham berish maqsadida tenderlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Ammo amalda hali tender boshlanmay turib qurilishni boshlab yuborish holatlari uchramoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi aynan shu yo‘nalishdagi o‘rganishlari davomida bunday holatlarni fosh etishda davom etmoqda.
Agentlik tomonidan Namangan, Xorazm, Navoiy viloyatlarida davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq holatlar o‘rganib chiqilganda, tender g‘oliblari hali aniq bo‘lmay qurilish ishlari boshlab yuborilgani aniqlandi.
Namangan viloyati hokimligi injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida “tender.mc.uz” maxsus axborot portaliga umumiy qiymati 4,7 milliard so‘mlik 3 ta sog‘liqni saqlash muassasasini qurish bo‘yicha ma’lumot joylashtirgan. Jumladan, Namangan shahar 9-son oilaviy poliklinikasini mukammal ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi tomonidan 2021 yilning 3 avgust kuni “Shaffof qurilish” elektron platformasida 2 milliard so‘mlik e’lon berilgan.
2021 yil 10 avgust kuni ushbu lot bo‘yicha loyiha – smeta hujjatlarida bajarilishi ko‘zda tutilayotgan ish hajmi joyiga chiqib o‘rganilganida, poliklinika binosida mukammal ta’mirlash ishlari “Barkamol qurilish ta’mir servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan boshlanib, ish hajmi qisman bajarilgani aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan bajarilgan ishlar bo‘yicha hisob-varaqa, shartnoma va tender hujjatlarini taqdim qilish so‘ralganida, ularning umuman yuritilmagani oydinlashdi. Og‘zaki kelishuv asosida pudratchi qurilish tashkiloti pudrat ishlariga jalb qilingan, qurilish tashkiloti tomonidan bajarilgan ishlar bo‘yicha hisob-varaqalar buxgalteriyada umuman hisobga olinmagan.
Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Agentlik matbuot xizmati rahbari Durdona Ochilova brifingda bunday holat Xorazm viloyatida ham mavjudligini qayd etdi. Sakkiz holatda jami 3,7 milliard so‘mlik qurilish va joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha e’lonlar “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda joylashtirilgan.
Xususan, Yangiariq tumanidagi 10-son maktabgacha ta’lim tashkilotining joriy ta’mirlash ishlari uchun ikki holatda jami 680 million so‘mlik va Urganch tumanidagi 39-maktabda 490 million so‘mlik e’lonlar bo‘yicha smetada pul mablag‘lari rejalashtirilmasdan ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan.
Navoiy viloyatida buyurtmachilar tomonidan besh holatda umumiy qiymati 1,8 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari tanlov (tender) savdolari o‘tkazilmasdan, pudrat shartnomalari tuzilmasdan bajarilgan.
Yuqorida ko‘rsatilgan holatlarda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablari buzilgan. Ushbu holatlar bo‘yicha mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi. Shuningdek, ayrim holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Brifingda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati bo‘yicha ham ma’lumot berildi.
Ma’lumki, 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Hozirda tuzilma faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Agentlik direktorining 2021 yil 6 sentyabrdagi buyrug‘i bilan “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risida”gi namunaviy nizom tasdiqlandi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, Agentlik mas’ul xodimlari Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari rahbar lavozimlariga ishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan ochiq tanlovlarda ishtirok etib, jarayonlarning ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilishini ta’minlab kelmoqda.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Qaror bilan 2022 yildan boshlab har yili davlat organlari va tashkilotlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali yo‘lga qo‘yilganlik holatini baholaydigan tizim ishga tushiriladi.
N.Abduraimova, O‘zA