Temuriylar tamadduni - dunyo e’tirofida (+video)
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbir jahon tarixi va madaniyatida Amir Temur hamda Sharq Renessansi sivilizatsiyasining o‘rnini muhokama qilish uchun yirik xalqaro maydonga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Konferensiyada dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 300 nafardan ziyod ishtirokchi — yetakchi olimlar, ekspertlar, diplomatlar va jamoatchilik vakillari qatnashmoqda. Konferensiya tashkilotchilari sifatida Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Tashqi ishlar vazirligi ishtirok etmoqda. Tadbir O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Jahon jamiyati (WOSCU) bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Dastur doirasida ishtirokchilar Temuriylar davrining asosiy jihatlari: davlat boshqaruvi va diplomatiya, harbiy san’at va strategiya, me’morchilik va shaharsozlik, shuningdek fan, ta’lim va madaniyat rivoji muhokama qilinmoqda. Amir Temur merosining jahon sivilizatsiyasi, siyosat va iqtisodiyot shakllanishiga ta’siriga alohida e’tibor qaratiladi. Xalqaro anjuman dasturidan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif, mavzuli ko‘rgazmalar, "Amir Temur va Donna Mariya" badiiy filmi namoyishi, mepping-shou, shuningdek "Ko‘ngilda to‘y" sahnalashtirilgan teatr tomoshasi ham o‘rin olgan.
Ushbu konferensiyaning o‘tkazilishi xalqaro ilmiy muloqotni mustahkamlash va O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahon hamjamiyatida targ‘ib etishda muhim qadam bo‘ladi.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/MnXeyUSENj0" title="Temuriylar tamadduni - dunyo e’tirofida " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA