Temuriylar davri – unutilmas tarix
O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamkorligida “Temuriylar davri durdonalari” nomli ko‘rgazma ochildi.
Amir Temur va Temuriylar davriga oid madaniyat, san’at va ilm-fan yutuqlarini ilmiy asosda yoritish, tarixiy ahamiyatini ochib berish hamda yosh avlod ongida milliy xotira va tarixiy tafakkurni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Temuriylar davriga oid me’morchilik obidalari, amaliy san’at namunalari, harbiy san’at eksponatlari hamda numizmatika namunalarini o‘z ichiga olgan 20 ta fomiksda grafik tasvirlar va ilmiy izohli ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, ushbu vizual va matnli materiallar orqali tashrif buyuruvchilar Temuriylar davrining ijtimoiy, siyosiy, madaniy va iqtisodiy hayoti haqida batafsil tasavvurga ega bo‘ladi.
[gallery-28528]
Ushbu ko‘rgazma ilmiy tadqiqotchilar, tarixchilar, talabalar va soha mutaxassislari uchun muhim ilmiy manba vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan mazkur loyiha tashrif buyuruvchilarga buyuk sarkarda Amir Temur va uning avlodlariga tegishli tarixiy va madaniy meros bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi.
Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Temuriylar davri durdonalari” ko‘rgazmasi milliy merosni asrash, o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan muhim ilmiy-ma’rifiy tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA