“Temurbek” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” loyihasi doirasida “Temurbek” kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
So‘nggi yillarda Amir Temur va Temuriylar davri merosini o‘rganish, asrash va tatbiq etish, Temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyatini ochib beradigan yangi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratildi.
Ma’lumki, joriy yilda Prezidentimizning Sohibqiron tavalludining 690 yilligini keng nishonlashga doir qaroriga asosan Amir Temur va Temuriylar davrini chuqur tatbiq etish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan maxsus yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Xususan, Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi nomli kitob albomlar, shuningdek, Temur tuzuklari asarining ilmiy izohli matnini bir qator xorijiy tillarda chop etib, ilmiy va madaniy jamoatchilikka taqdim etishga doir vazifalar belgilandi. Bu borada, Amir Temurning hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganishda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali muallifligida “Temurbek” nomli tarixiy qissa yaratildi.
[gallery-29876]
Kitob taqdimotida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, ofitserlar, serjantlar va askarlar ishtirok etdi.
Tadbirni boshqarmaning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘limi boshlig‘i Husan Namatov ochib berdi. Unda Amir Temurning hayoti, jasorati, strategik tafakkuri hamda Vatanga sadoqat ruhidagi qarashlari haqida fikr bildirildi.
Kitobning o‘ziga xos jihati shundaki, u zamonaviy texnologiyalar asosida, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan illyustratsiyalar va asar yakunida buyuk sarkardaning avlodlarga qarata aytgan so‘zlari audio shaklda taqdim etilgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA