Temir yo‘llar iqtisodiyotning jon tomiri
Mamlakat mustaqilligi oddiy tarixiy sana emas. Mustaqillik bu har bir kuni, har bir yili oltinga teng bo‘lgan, zahmatli mehnat, jasoratli qarorlar va milliy tiklanish yo‘lidir.
O‘tgan 35 yilning aynan har bir yili mamlakat poydevoriga qo‘yilgan pishiq g‘isht bo‘ldi. Bu davrda O‘zbekiston agrar va xomashyoga qaram respublikadan, sanoati rivojlangan, global logistika markaziga aylanayotgan qudratli davlat darajasiga ko‘tarildi.
Mamlakat iqtisodiyotini bir-biri bilan bog‘lovchi, uning «qon tomirlari» va «po‘lat arteriyasi» hisoblangan temir yo‘l transporti sohasi ushbu 35 yillik taraqqiyotning eng yaqqol, inkor etib bo‘lmas ko‘zgusidir. Zero, temir yo‘lsiz tom ma’nodagi iqtisodiy suverenitetga, yirik sanoatga va geosiyosiy mustaqillikka erishib bo‘lmas edi.
Istiqlol arafasi: tarqoqlik, qaramlik va og‘ir meros
1991-yilda Mustaqillikga erishgan ilk odimlarimizda O‘zbekiston temir yo‘l tizimi o‘ta og‘ir va paradoksal vaziyatda bo‘lganligini katta avlod vakillari yaxshi bilishadi. Masalan, Sovet Ittifoqidan qolgan temir yo‘l xaritasi O‘zbekistonni yaxlit davlat sifatida bog‘lamas edi. Olaylik, Toshkentdan Surxondaryoga yoki Farg‘ona vodiysiga poyezdda borish uchun qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston hududlarini kesib o‘tish, bir necha bor bojxona va chegara nazoratidan o‘tish talab etilardi.
1991-yilda mavjud bo‘lgan 3 400 km atrofidagi temir yo‘llarning atigi 10-12 foizi (400 km ga yaqini) elektrifikatsiya qilingan, poyezdlar asosan qimmatbaho va ekologiyaga zararli dizel (teplovoz) tortishuvida harakatlangan. Zamonaviy yo‘lovchi va yuk vagonlarini ta’mirlash va yangilash imkoni yo‘q edi. Soha to‘liq tashqi ehtiyot qismlarga va xorijiy zavodlarga qaram bo‘lgan. Mamlakat ichidagi yuk va yo‘lovchi tashish uchun qo‘shni davlatlarga millionlab dollar tranzit to‘lovlari to‘lanardi.
Tizimni shakllantirish yo‘lidagi intilishlar
O‘ttiz besh yil tarix uchun unchalik katta davr emas. Ammo davlat va uning strategik infratuzilmasini shakllantirish nuqtai nazaridan bu butun bir taraqqiyot bosqichidir. O‘zbekiston temir yo‘l tizimining 1991–2026-yillarda bosib o‘tgan yo‘li bu fikrni aniq raqamlar va amalga oshirilgan loyihalar bilan tasdiqlaydi. Bu tarixni «avval hammasi yomon edi, keyin hammasi yaxshi bo‘ldi» degan sodda qarash bilan baholash to‘g‘ri emas. Aksincha, mustaqillikning har bir yili milliy temir yo‘l tizimini shakllantirishda o‘z o‘rniga ega. 1990-yillarda mustaqil boshqaruv tizimi yaratildi, 2000-yillarda mamlakat hududlarini o‘z temir yo‘llari bilan bog‘lash vazifasi hal qilindi, 2010-yillarda yuqori tezlikdagi harakat va elektrlashtirish yangi bosqichga ko‘tarildi. 2017-yildan keyin esa infratuzilmani yangilash bilan bir qatorda boshqaruv, iqtisodiy samaradorlik, logistika, raqamlashtirish va xalqaro transport yo‘laklariga integratsiya masalalariga urg‘u kuchaydi. 1991-yilda O‘zbekiston o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi. Biroq respublika hududidagi temir yo‘llar mustaqil milliy tizim sifatida qurilmagan bo‘lib, ular sobiq Ittifoqning yagona transport majmuasi — O‘rta Osiyo temir yo‘llari tarkibida shakllangandi. Buning amaliy ma’nosi shunda ediki, mamlakatning ayrim hududlari o‘rtasidagi temir yo‘l qatnovi qo‘shni davlatlar hududidan o‘tishga bog‘liq edi. Mustaqil O‘zbekiston uchun esa iqtisodiy va transport mustaqilligini ta’minlash maqsadida o‘z hududlarini o‘z temir yo‘l tarmog‘i orqali birlashtirish strategik vazifaga aylandi. Shu sababli mustaqillikning dastlabki yillarida eng muhim vazifa yangi poyezd sotib olishdan ham avvalroq — milliy temir yo‘l boshqaruv tizimini tashkil etish edi.
1994-yil 7-noyabrda Prezidentning PF–982-son Farmoni asosida O‘zbekiston hududida joylashgan sobiq O‘rta Osiyo temir yo‘llari tarmoqlari, korxona va muassasalari negizida «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat-aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi tashkil etildi. Bu mustaqil milliy temir yo‘l tizimining institutsional poydevori bo‘ldi. Shu ma’noda, mustaqillikning dastlabki o‘n yilligidagi eng katta natijani faqat kilometrlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. O‘zbekiston o‘zining temir yo‘l siyosati, boshqaruvi, kadrlari va texnik bazasini mustaqil ravishda rivojlantirish imkoniga ega bo‘ldi.
Geografik parokandalikdan yagona milliy tarmoqqa
Mustaqillik yillaridagi eng muhim vazifalardan biri mamlakatning shimoli, g‘arbi, janubi va sharqini O‘zbekistonning o‘z hududi orqali bog‘laydigan temir yo‘llarni barpo etish bo‘ldi. Shu maqsadda Qizilqum bag‘rida Navoiy – Uchquduq – Sulton Uvaystog‘ – Nukus temir yo‘l liniyasi qurildi. Uning uzunligi 341 chaqirimni tashkil etdi. Keyin Amudaryo ustidan temir yo‘l va avtomobil harakati uchun mo‘ljallangan qo‘shma ko‘prik barpo etildi.
Natijada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmning mamlakatning boshqa hududlari bilan transport bog‘liqligi mustahkamlandi. Navbatdagi strategik loyiha — Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘li bo‘ldi. Uzunligi 223 kilometr bo‘lgan bu yo‘l murakkab tog‘li hududlarda qurildi. Uning ishga tushirilishi janubiy viloyatlarni mamlakatning markaziy qismlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash imkoniyatini kengaytirdi. Demak, mustaqillikning birinchi katta natijalaridan biri — sobiq ittifoq davridan qolgan tarmoqni shunchaki ekspluatatsiya qilish emas, balki O‘zbekiston manfaatlariga mos milliy temir yo‘l geografiyasini qayta shakllantirish bo‘ldi.
Milliy gurkirab o‘sish davri
Mustaqillikning 25 yilligiga kelib, har bir yilda olib borilgan izchil siyosat o‘z mevasini bera boshladi. Bu davr temir yo‘l sohasida «geografik qaramlikka barham berish» davri sifatida tarixga kirdi. «Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on» temir yo‘li qurilib, Surxondaryo to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoqqa bog‘lanishini tarixiy mega-loyihalar qatoriga kiritish mumkin. 2016-yilda esa asr mo‘’jizasi — «Angren – Pop» temir yo‘li va 19,2 kmlik Qamchiq tonneli ishga tushirilib, Farg‘ona vodiysi Toshkent bilan po‘lat rishtalar orqali abadiy bog‘landi. Uning asosiy natijasi — Farg‘ona vodiysining Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarini mamlakatning boshqa qismi bilan O‘zbekiston hududi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l bilan bog‘lash imkoni yaratilganida edi. Shu tariqa 2016-yilga kelib mamlakatning yagona milliy temir yo‘l tarmog‘ini shakllantirishda hal qiluvchi bosqich yakunlandi. 2016-yilga kelib temir yo‘llarning umumiy uzunligi 4 600 kmdan oshdi. Elektrifikatsiya qilingan liniyalar uzunligi 2 000 kmga yetkazildi (43%). Bu ekspluatatsiya xarajatlarini 2,5 barobarga arzonlashtirdi. 2011-yilda ishga tushirilgan va 2016-yilga kelib Buxoro va Qarshigacha uzaytirilgan «Afrosiyob» (Talgo 250) tezyurar poyezdi O‘zbekistonni mintaqada yuqori tezlikdagi temir yo‘l qatnoviga ega yagona davlatga aylantirdi. 2016-yilda temir yo‘l orqali tashilgan yuklar hajmi 67 million tonnadan, yo‘lovchi tashish esa 20 million kishidan oshdi.
O‘zbekiston Yevroosiyo logistika xabi
Mustaqillikning 35 yilligi bo‘sag‘asida O‘zbekiston temir yo‘l tizimi nafaqat mamlakat ichki ehtiyojini qondirmoqda, balki butun Yevroosiyo qit’asining eng muhim logistik chorrahasiga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilgan islohotlar sababli sohada tub tarkibiy va institutsional transformatsiya amalga oshirildi.
«Asr qurilishi» deb nom olgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li 27 yillik kutishdan so‘ng qurilish bosqichiga kirdi. Ushbu loyiha O‘zbekistonga Tinch okeanidan Yevropa va Fors ko‘rfazigacha bo‘lgan eng qisqa tranzit koridorini ochadi. Bu orqali mamlakat yiliga 150–200 million dollar atrofida sof tranzit daromadi oladi. Pokiston portlari orqali Hind okeani va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun ham yangi imkoniyatlar ochiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga qo‘shimcha 15-20 million tonna tranzit yukini qabul qilish 400-600 million dollar daromad, logistika markazlari va terminallar uchun 3 milliard dollar investitsiya hamda 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Shu maqsadda 2030-yilga qadar Andijon bilan Qo‘ng‘irotni, Termiz bilan Toshkentni bog‘lovchi 4 ming kilometr xalqaro yo‘llarni yuqori talablarga javob beradigan zamonaviy tranzit yo‘laklarga aylantirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-dekabrda qabul qilingan “2030-yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida hududlarda transport infratuzilmasi yangilanib, mahalliy qatnovlar kengaytirilmoqda. Natijada aholi uchun qulay va sifatli transport xizmatlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Poytaxt va Bekobodni bog‘lovchi 192 kilometrlik “Toshkent – Bekobod” temir yo‘l qatnovi kuniga qariyb ming nafar, yiliga esa 300 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi ko‘zlangan. Endilikda unda olti vagondan iborat, 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan elektropoyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Bu, ayniqsa, har kuni ish va o‘qishga qatnaydigan fuqarolar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Elektropoyezdda yo‘lovchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar o‘rnatilgan. Vagonlar konditsioner va isitish tizimlari, yumshoq o‘rindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari hamda Wi-Fi tarmog‘i bilan jihozlangan. Shuningdek, videokuzatuv tizimlari, elektron axborot tablolari va velosipedlar uchun maxsus joylar mavjud. Tezkor elektropoyezdning qatnovga qo‘yilishi avtomobil yo‘llaridagi transport yuklamasini kamaytirish va ekologik toza transport ulushini oshirishga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Samarqand – Urgut” yangi temir yo‘l liniyasining ishga tushirilishi hududga katta imkoniyatlarni taqdim etdi. Loyiha doirasida ikkita vokzal, “Urgut” iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi hamda bir qator ko‘priklar barpo etildi. E’tiborlisi, mazkur liniyani kelgusida to‘liq elektrlashtirish rejalashtirilgan. Poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi orqali yiliga 359 ming yo‘lovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkoni yaratiladi. Yo‘nalish Samarqand shahri, Jomboy, Pastdarg‘om, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun xavfsiz va zamonaviy transport xizmati taqdim etishi bilan ahamiyatli. Shuningdek, ichki turizm rivojiga ham katta turtki beradi. Temir yo‘l infratuzilmasi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, ushbu loyiha “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Yangi yo‘nalish ishga tushishi natijasida 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Yangi temir yo‘lning kelishi bilan Urgutda iqtisodiy o‘sishni cheklab turgan to‘siqlar, logistik “tromb”lar bartaraf etiladi. Yuk tashish tezlashadi, mahsulotlar bozorlarga arzon va vaqtida yetkaziladi, investorlar uchun qulayliklar yanada ortib, hududning raqobatbardoshligi oshadi. Eng muhimi, hududda yaratilayotgan yangi imkoniyatlar aholining turmush darajasiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Infratuzilma rivojlangan joyda ish o‘rinlari ko‘payadi, xizmatlar yaxshilanadi, tadbirkorlik faollashadi.
2026-yilga kelib elektrifikatsiya qilingan temir yo‘llar uzunligi 3 200 kmdan oshdi (60%dan yuqori). Buxoro–Xiva, Nukus yo‘nalishlari to‘liq elektrlashtirildi va «Afrosiyob» poyezdining geografiyasi Xivagacha ulandi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ monopol va ma’muriy tuzilmadan xolding kompaniyasiga aylantirildi. Infrastruktura, yo‘lovchi tashish («O‘ztemiryo‘lovchi»), va yuk tashish («Temiryo‘lkargo») mustaqil tizimlarga ajratildi, xususiy operatorlarga vagon va lokomotivlar bilan bozorga kirishga huquqiy yo‘l ochildi. Samarqand va Toshkentdagi vagon ta’mirlash va qurish zavodlarida «Made in Uzbekistan» brendi ostida zamonaviy yuk va yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarilmoqda. 2026-yil yakunlari bo‘yicha yillik yuk tashish hajmi 100 million tonnadan, yo‘lovchi tashish esa 25 milliondan oshadi.
Bugun temiryo‘l tizimi ulkan qurilish maydonini eslatadi. Misol uchun, “Urganch” vokzalidan “Urganch” aeroportigacha bo‘lgan 10 kilometrdan ortiq yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi barpo etildi. 2025–2026-yillarda “Chinorkent”, “Parkent”, “Jartepa”, “Urgut”, “Gurlan”, “Mang‘it” va “Qipchoq” vokzallari yangidan bunyod etildi. “Hazorasp” va “To‘rtko‘l” vokzallari qayta qurildi, “Ellikqal’a” va “Shovot” vokzallari to‘liq rekonstruksiya qilindi. Yil boshida “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdlariga texnik xizmat ko‘rsatish markazi ishga tushirildi. Poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida muddati o‘tgan 36 ta nuqsonli quvur va ko‘prik kapital ta’mirlandi. 30 ta yer osti yo‘lagi va 2 ta yer osti avtomobil tonneli qurilib, foydalanishga topshirildi. “Nurafshon – Pskent – Bo‘ka – Bekobod – Boyovut – Yangiyer” hamda “Xovos – Dashtobod” yo‘nalishlarida yangi temir yo‘l loyihalarining qurilishi boshlandi. “Do‘stlik – Aydar Arnasoy ko‘li” va Bekobod maxsus iqtisodiy zonasiga olib boruvchi temir yo‘l qurilishi ham davom etmoqda.
1991-yilda O‘zbekiston o‘z hududidagi temir yo‘llarni sobiq yagona tizimning bir qismi sifatida qabul qilib olgan edi. Bugun esa mamlakat o‘zining yagona milliy temir yo‘l tarmog‘i, Qamchiqdek murakkab tog‘ tonneli, yuqori tezlikdagi «Afrosiyob» poyezdlari, minglab kilometr elektrlashtirilgan liniyalari, vagonsozlik va ta’mirlash korxonalari hamda rivojlanayotgan tranzit salohiyatiga ega. Ushbu natija bir yilda yoki bir loyiha bilan yaratilgan emas. Uning zamirida mustaqillikning har bir yili, bir necha avlod temiryo‘lchilarining mehnati, muhandislik maktabi, davlat investitsiyalari va bosqichma-bosqich amalga oshirilgan islohotlar turibdi. Shu bilan birga, 2017-yildan keyingi davrning o‘ziga xos jihati — islohotlar sur’ati va talabining o‘zgarganida. Ilgari asosiy vazifa milliy tarmoqni barpo etish va hududlarni bog‘lash bo‘lgan bo‘lsa, bugungi talab — shu tarmoqni tezkor, raqobatbardosh, iqtisodiy samarali va xalqaro logistika tizimining faol ishtirokchisiga aylantirishdir. O‘zbekiston 35 yil davomida sobiq ittifoq transport tizimining bir bo‘lagidan o‘z milliy manfaatlariga xizmat qiladigan, mamlakat hududlarini birlashtirgan va jahon transport yo‘laklariga chiqishga intilayotgan mustaqil temir yo‘l tizimini shakllantirdi. Bu quruq shior emas. Buni 2,4 ming kilometrdan ziyod yangi qurilgan temir yo‘l, 3 ming kilometrdan ortiq elektrlashtirilgan liniya, 1,1 ming kilometrdan ziyod reabilitatsiya qilingan yo‘l, 19,2 kilometrlik Qamchiq tonneli, 7,5 ming kilometrdan ortiq umumiy tarmoq va yuz million tonnadan ziyod yillik yuk tashish hajmi tasdiqlab turibdi.
Mustaqillikning 35 yili davomida O‘zbekiston temir yo‘llari shunchaki relslar va vagonlar to‘plamidan mamlakat suvereniteti, iqtisodiy xavfsizligi va sanoat qudratining asosiy kafolatiga aylandi. Agar 1991-yilda mamlakatimiz qo‘shnilar tranzitiga qaram va “tupik”dagi davlat bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilda O‘zbekiston — YAIM hajmi 180 milliard dollardan oshayotgan, eksport hajmi 40 milliard dollarga intilayotgan, Markaziy va Janubiy Osiyoni, Xitoy va Yevropani bog‘lovchi eng yirik Yevroosiyo transport xabidir.
Mustaqillikning har bir yili qadrli bo‘ldi, chunki bu 35 yilning har bir kunida zahmatkash temiryo‘lchilar, muhandislar va quruvchilar mamlakat istiqboli uchun zamin yaratdilar. Bu po‘lat yo‘llar bizni faqat manzildan manzilga emas, balki Buyuk va Mustaqil Kelajakka olib bormoqda!
Tashpo‘lat Matibayev,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati,
sotsiologiya fanlari doktori, professor