Telegramdagi "mikrokredit" firibgari ushlandi
Kosonsoy tumanida telegram orqali fuqarolarga kam foizli kredit taklif qilib, ulardan oldindan pul olganlikda gumon qilinayotgan shaxs ushlandi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur firibgarlik oqibatida fuqarolarga 250 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Aniqlanishicha, gumonlanuvchi telegram messenjerida "mikrokredit" nomli soxta sahifa ochib, fuqarolarga qulay shartlarda kredit ajratilishini va’da qilgan. Biroq kreditni rasmiylashtirish bahonasida ulardan oldindan bank kartalariga ma’lum miqdorda pul o‘tkazish talab etilgan.
Taklifga ishongan fuqarolar mablag‘larni o‘tkazganidan so‘ng kredit ololmagan. Shundan keyin esa ular bilan aloqa uzilgan.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan gumon qilinayotgan shaxs aniqlanib, qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "b" va "v" bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tegishli protsessual harakatlar olib borilmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali kredit takliflariga aldanmaslikka, kredit ajratish uchun oldindan pul o‘tkazishni talab qiluvchi shaxslarga ishonmaslikka hamda shaxsiy bank ma’lumotlarini begonalarga bermaslikka chaqiradi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA