Telefon raqami va JSHSHIR mos kelmasa, bank ilovalarida ro‘yxatdan o‘tish rad etiladi
O‘zbekistonda mobil bank ilovalari orqali ro‘yxatdan o‘tish tartibi yanada kuchaytirilmoqda. Yangi talablarga ko‘ra, foydalanuvchining telefon raqami va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) o‘zaro mos kelmasa, bank ilovalarida ro‘yxatdan o‘tish rad etiladi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tartib Markaziy bank boshqaruvining tegishli qarori asosida joriy etilmoqda. Yangi talablar 2026-yil 22-apreldan boshlab amalga kiritilishi belgilangan.
Yangi talablarga ko‘ra, Mobil bank ilovasida ro‘yxatdan o‘tishda telefon raqami faqat shu shaxs nomiga rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Telefon raqami va JSHSHIR mosligi avtomatik tarzda tekshiriladi. Ma’lumotlar mos kelmasa, ro‘yxatdan o‘tish rad etiladi. Bu haqda foydalanuvchiga SMS-xabarnoma yuboriladi.
Shuningdek, bank kartasini mobil ilovaga biriktirish jarayoni ham alohida tartibda amalga oshiriladi. Unda bir martalik OTR-kod kiritish, biometrik identifikatsiyadan o‘tish talab qilinadi.
Agar mobil ilovaga ulangan telefon raqami bilan bank kartasiga ulangan telefon raqami mos kelmasa, kartani biriktirish jarayoni avtomatik ravishda to‘xtatiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, faqat shaxsning o‘ziga tegishli bank kartalarini biriktirish mumkin. Yaqin qarindoshlar istisno sifatida ruxsat etiladi. Begona shaxslar nomidagi kartalar orqali pul o‘tkazmalari cheklanadi.
Yaqin qarindoshlar toifasiga, ota-ona, aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzandlar, bobo-buvi va nevaralar, turmush o‘rtoqning yaqin qarindoshlari kiritilgan.
Mazkur o‘zgarishlar mobil bank xizmatlarida firibgarlik holatlarini kamaytirish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va kiberxavfsizlikni kuchaytirish maqsadida joriy etilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA