Tekstil korxonasida 2 ming kishi ishli bo‘ldi
Namangan viloyatining Chust tumanida aka-uka tadbirkor Dilshod va Jamshid Ismatullayevlar tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Chust Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuv sexi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan taqdimot marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, mehnat faxriylari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Ta’kidlash joizki, sanoat ishlab chiqarishning rivoji iqtisodiyotimiz barqarorligida muhim o‘rin tutadi. Ayni shu boisdan ham Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida sanoatni rivojlantirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yangidan-yangi korxonalarni barpo etish hamda mahsulotlarning sifat darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, bugungi kunda to‘qimachilik sanoati tarmog‘idagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar o‘zining yuqori sifati va zamonaviyligi bilan har qanday xorijiy davlatlarning mahsulotlari bilan raqobatlasha oladi. Nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki respublikadagi yirik to‘qimachilik va tikuvchilik korxolaridan biri bo‘lgan “Chust Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati fikrimizga yaqqol misoldir. Bundan 15 yil avval, ya’ni 2007 yilda Chust tumanidagi sobiq “Barion” fabrikasida faoliyat boshlagan aka-uka tadbirkor Dilshod va Jamshid Ismatullayevlar tashkil etgan korxona o‘tgan yillar davomida ishlab chiqarish qamrovini kengaytirdi.
Ayniqsa, so‘nggi 3-4 yil jamiyat faoliyatida tub o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Korxonaga 2019 yil oktyabr oyida “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududidan ajratilgan 15 gektar yer maydoni bugungi kunda zamonaviy korxona ko‘rinishiga keldi. “Chust Textile” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlab chiqarish loyihasi trikotaj matosi to‘qish, bo‘yash va undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish kabi uchta bosqichdan iborat. Umumiy qiymati 14 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 11 million dollari tashabbuskorlarning o‘z mablag‘i, 3 million dollari bank krediti hisoblanadi.
– 2019-2021 yillarda jamiyatimiz loyihasining birinchi va ikkinchi bosqichlarida xorijdan 10,5 million dollar evaziga so‘ngi turdagi texnologik uskuna va dastgohlar keltirib o‘rnatildi, – deydi “Chust Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionnalizator” faxriy unvoni sohibi Dilshod Ismatullayev. – Buning natijasida 550 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Ahil jamoamizning fidokorona mehnati bilan korxonamiz tomonidan Rossiya, Italiya, Chexiya, Kipr, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi o‘nlab davlatlarga qariyb 23 million dollarlik trikotaj mahsulotlari eksport qilindi. Oldimizga qo‘ygan marralar asta-sekin zabt etilmoqda. Uchinchi bosqich – yangi tikuv sexi ham foydalanishga topshirildi. Bu bilan cheklanib qolmasdan korxona faoliyatini yanada kengaytirish rejamiz bor.
Ayni paytda jamiyatga tegishli bo‘sh yerga 5 qavatli bino qurilmoqda. Bu yerda ishchi-xodimlar uchun to‘yxona, turar-joy majmualari barpo etiladi. Kelgusida bolalar bog‘chasi va maktab bunyod etish ham ko‘zda tutilgan. Korxonaning uchinchi bosqichini ishga tushirish uchun 3,5 million dollar sarflandi. Qo‘shimcha 700 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Jamiyatdagi ishchi-xodimlarning soni 2000 nafarga yetdi. E’tiborli jihati ishchi-xodimlarning aksariyatini ayollar va yoshlar tashkil etadi.
–Qishloqqa ishlab chiqarish, sanoat korxonasi qanchalik ko‘p bo‘lsa, farovonlik va o‘sish bo‘ladi, – deydi Chust tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi Shahodat Abdullayeva. – Tumanimizning chekka, cho‘l zonasini gulzorga, ajib korxonaga aylantirilishi ishsiz yurgan odamlarning bandligini ta’minladi. Mana, olti yildirki, tekstil korxonasida ishlab, ro‘zg‘orga o‘z hissamni qo‘shib kelyapman. Farzandlarimni o‘qitdim, hunarli bo‘ldi. Ishxonamizda biz ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Maxsus ajratilgan transportlar xizmatimizda. Tushlik paytida ovqat beriladi. Oylik ish haqim o‘rtacha 2 -2,5 million so‘m. O‘tgan yilning o‘zida yaxshi ishlaganim uchun uch marta mukofot puli bilan rag‘batlantirildim. Biz oddiy qishloq ayollari mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanayotganidan behad mamnumiz.
– “Chust Textile” korxonasining yangi tikuv sexi ochilganini eshitib ishlash uchun bordim, – deydi Chust tumanidagi Mehnatobod mahallasida yashovchi Ozoda Yo‘ldosheva. – “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turganim sababli bu yerda o‘z ishimni boshladim. Korxonada yaratilgan sharoitlardan behad minnatdorman. Kelgusida bor malakamni ishga solib, korxona ishlab chiqarish samaradorligiga o‘z hissamni qo‘shaman.
Darhaqiqat, jamiyat a’zolarining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari ulkan. Korxona joriy yilda 20 million dollarlik eksportni amalga oshirishni rejalashtirgan. Bu o‘tgan 2021 yilga nisbatan 45 foizga ko‘pdir.
“Chust Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuv sexi ochilishi marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
[gallery-6959]
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.