Tejamkorlik iqtisodni mustahkamlaydi
Buxoro viloyatida nostandart gaz jihozlaridan foydalanmaslik, turli baxtsiz hodisalarning kelib chiqishida aynan nostandart gaz jihozlari sabab bo‘layotganligi, energotejamkor gaz uskunalarini o‘rnatish samaradorligi keng targ‘ib etilmoqda.
Aholi xonadonlarida olib borilayotgan targ‘ibotlar davomida kunning issiq vaqtida gazdan unumli foydalanish zarurligi, kuniga bir kub gazning tejalganligi mablag‘ning iqtisod qilinishi uchun ham muhim omil ekanligi aytilmoqda.

Romitan tumanida 22 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilari istiqomat qiladi. Ta’minot xodimlari targ‘ibot davomida har bir iste’molchiga energotejamkor gaz jihozining xavfsizligi hamda tejamkorligini tushuntirmoqda. Xususan, energotejamkor gaz yondirgichlari oylik gaz sarfini 40-45 foizga tejashi, kuz-qish mavsumi 6 oy bo‘lsa, shu davr mobaynida 2 ming 100 metr kub, 800 ming so‘mga yaqin iqtisod qilinishi ta’kidlanmoqda. Gorelka gaz bosimi o‘zgarganda, ta’minotda uzilishlar bo‘lganda, avariya holatlarida avtomat tarzida ishlashi qayd etilmoqda. Bugunga qadar targ‘ibotlar samarasi o‘laroq tuman bo‘yicha 62 ta energotejamkor gaz yondirgichlari o‘rnatildi. Bu bilan esa kunlik 223,2 m3 tabiiy gaz tejalsa, mavsum davomida 33480 m3 gazning tejalishiga erishildi.

Buxoro shahrida faoliyat olib borayotgan bir qator ulgurji iste’molchilar energotejamkor gaz jihozlaridan foydalanmoqda. Quvonarlisi tejamkorlik tadbirkorlar faoliyati rivojida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Tadbir boshidan buyon shahar bo‘yicha 24 ta ulgurji iste’molchilar energotejamkor gaz uskunasi o‘rnatgan. Bu bilan esa kunlik 86,4 m3 tabiiy gazning tejalishiga erishildi.

– Energotejamkor gaz jihozlarini o‘rnatganimizdan keyin bir oyda bir million so‘m tejaladigan bo‘ldi, – deydi shahardagi “Mumtoz” ulgurji ob’ekti oshpazi Barot Safoyev. – Asosiysi, xavfsiz, muammosiz ishlaymiz.

“Texnik ta’minlash va butlash” mas’uliyati cheklangan jamiyati Buxoro bo‘linmasida ham mutaxassislar tomonidan energotejamkor gaz jihozlarini o‘rnatish, oylik gaz sarfi tejalishi, mablag‘ning iqtisod qilinishi, xavfsizligi tushuntirildi. Jarayonlar davomida undan to‘g‘ri foydalanish to‘g‘risida ko‘nikmalar berildi.

Viloyatning barcha aholi xonadonlari, ijtimoiy ob’ektlarda targ‘ibotlar davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA