Tejalgan har bir tomchi suv bu ertangi kunga qo‘yilgan mustahkam poydevordir
Sirdaryoda suv — oddiy resurs emas. U — hayot manbai, mehnat samarasi, oila farovonligining mustahkam poydevoridir. Bu zaminda har bir tomchi suvning qiymati bor: u 287,4 ming gektar sug‘oriladigan yerga jon bag‘ishlaydi, minglab fermer va yuz minglab aholi turmushiga baraka olib kiradi.
Bu haqiqat Sirdaryo tumanidagi «Do‘stlik-16» kanali misolida yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi desak aslo yanglishmagan bo‘lamiz. Kanalning betonlashtirilishi natijasida 1 460 gektar maydonda suv ta’minoti kafolatlandi. Ilgari suv yetishmasligidan qiynalgan yerlar bugun barqaror sug‘orilayotgan hosildor maydonlarga aylandi. Endi fermerlar har bir mavsumni xavotir bilan emas, xotirjamlik bilan o‘tkazishadigan bo‘ldi.

Biroq viloyatdagi holatga chuqurroq nazar tashlasak, mas’uliyat yanada katta ekani oydinlashadi. Jami 5 907,7 kilometr suv tarmoqlarining 631 kilometri magistral kanallar, 3 394,6 kilometri esa fermer xo‘jaliklariga tegishli ichki tarmoqlardan iborat. Ammo ularning qariyb 70 foizi tuproq o‘zanli bo‘lib, natijada har yili suvning 30–35 foizi yo‘qotilmoqda. Bu esa o‘rtacha hisobda yuzlab million kub metr suvning samarasiz sarflanishi demakdir.
Ayni shu muammolarni bartaraf etish maqsadida so‘nggi yillarda irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.
– 2025-yilda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 680 million kub metr suv tejaldi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Abror Xidirov. – 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 748 million kub metrga yetkazish rejalashtirilgan. Bu raqamlar ortida suv resurslarini samarali boshqarish, yangi texnologiyalarni joriy etish va dehqon mehnatini qo‘llab-quvvatlash yotadi.

Haqiqatdan ham raqamlar bugungi o‘zgarishlarning aniq ifodasiga aylanmoqda. 2025-yilda 81,7 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi. Jumladan, 16,7 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 4,81 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 2,41 ming gektarda diskret usul, 5 ming gektarda ko‘chma quvurlar orqali sug‘orish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, 53,18 ming gektar maydonda yerlar lazerli tekislashdan o‘tkazildi. Natijada 196 million kub metr suv tejaldi va hosildorlik o‘rtacha 20–25 foizga oshdi.
Bu esa faqat raqam emas — bu qishloqdagi har bir oilaning daromadi, bozordagi mahsulot miqdori va xalq farovonligining o‘sishi demakdir.
E’tiborlisi, bu islohotlar faqat yirik xo‘jaliklar bilan cheklanib qolmayapti. «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida 2025-yilda 44 ta ob’ektda 11 ming xonadon va 1,5 ming gektar tomorqa yerlari suv bilan ta’minlandi. 25 ta sug‘orish qudug‘i qazildi, 15 ta nasos agregati o‘rnatildi. Bu esa minglab oilalar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Nasos stansiyalarida amalga oshirilayotgan yangilanishlar ham o‘z samarasini bermoqda. Bir yilning o‘zida 5 ta nasos va 4 ta elektrodvigatel almashtirildi, 3 ta chastota o‘zgartiruvchi va 4 ta kondensator o‘rnatildi. Qo‘shimcha ravishda 264 kVt quvvatli quyosh panellari ishga tushirilib, 2,55 million kVt/soat elektr energiyasi tejaldi.
2026-yilda esa bu ishlar yanada kengaytirilib, nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi iste’moli 36,6 million kVt/soatgacha qisqartirilishi rejalashtirilgan.
Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatdagi suv resurslarining 95 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Bu esa suvdan samarali foydalanish har bir gektar yer, har bir fermer va har bir oila taqdiriga bevosita ta’sir ko‘rsatishini anglatadi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar ham buni tasdiqlaydi. 2025-yilda 82,8 km sug‘orish tarmoqlari, 4 km kollektor-drenaj tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi, 310,8 km kollektor va 190 km yopiq drenaj tarmoqlari ta’mirlandi, 200 ta meliorativ tik quduq va 100 ta kuzatuv qudug‘i yangilandi.
Bu ishlar uchun davlat byudjeti hisobidan 126,8 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Natijada 10,9 ming gektar maydon kafolatli suv bilan ta’minlandi, 19,3 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilandi, 9 ming gektar sho‘rlangan maydon qisqartirildi.
2026-yil rejalari esa yanada keng qamrovli. 133,3 milliard so‘m mablag‘ evaziga 60,4 km kanal, 14 km lotok tarmoqlari, 11,9 km kollektor-drenaj tizimlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
Shuningdek, 675 km kollektor-drenaj tarmoqlari ta’mirlanadi,206 km kanallar, 291 ta gidrotexnika inshooti va gidropost tiklanadi.

– Bu ishlar natijasida kanallarning foydali ish koeffitsiyenti 0,67 dan 0,7 gacha oshirilib, qo‘shimcha 8,7 million kub metr suv tejaladi. 13 ming gektar maydon suv bilan ta’minlanadi, 20 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi va 1 ming gektar sho‘rlangan yer qisqartiriladi, – deydi Abror Xidirov.
2026-yilda suvni tejaydigan texnologiyalar 36,45 ming gektar maydonda joriy qilinib, qo‘shimcha 216 million kub metr suv tejalishi va hosildorlik 20–30 foizga oshishi kutilmoqda.
Bularning barchasi suvni asrash, uni oqilona taqsimlash va xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Chunki Sirdaryoda yaxshi anglangan bir haqiqat bor: tejalgan har bir tomchi suv — bu ertangi kunga qo‘yilgan mustahkam poydevordir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri