“Tegirmon”: Fayzulla Xo‘jayev obraziga yangicha nigoh (+video)
Tarixiy shaxs haqida film yaratish — uning hayotini ekranda ko‘rsatish bilangina cheklanmaydi.
Bunday asardan davr ruhini, tarixiy haqiqatni va qahramon shaxsini to‘g‘ri ochib berish talab etiladi.
Yaqinda tomoshabinlarga taqdim etilgan rejissyor Zulfiqor Musoqovning Fayzulla Xo‘jayev taqdiriga bag‘ishlangan «Tegirmon» badiiy-publitsistik filmi ham o‘zining ta’sirchan tasvirlari bilan e’tiborni tortdi. Ayni paytda, filmda bahs-munozaraga sabab bo‘ladigan jihatlar ham yo‘q emas. Fanlar akademiyasi san’atshunoslik instituti bo‘lim boshlig‘i, kinoshunos, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Nigora Karimova filmning yutuq va kamchiliklari, uning o‘ziga xos jihatlari haqida fikr bildirdi:
— So‘nggi paytlarda tomoshabinlarga taqdim etilgan filmlar orasida rejissyor Zulfiqor Musoqovning «Tegirmon» nomli badiiy-publitsistik filmi alohida e’tiborga molik. Film O‘zbekiston hukumatida muhim lavozimlarda faoliyat yuritgan, jadidlar harakatining faol ishtirokchilaridan biri Fayzulla Xo‘jayev hayoti va taqdiriga bag‘ishlangan.
Aytish kerakki, film premerasi aynan Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni arafasida bo‘lib o‘tdi. O‘ylaymanki, film ko‘plab tomoshabinlar uchun kutilgan va dolzarb mavzuni ochib berdi.
Avvalo, mutaxassis sifatida filmning tasviriy qatlamiga, ya’ni uning aynan badiiy-publitsistik film ekani va hujjatlilikka ustuvor ahamiyat berilganiga e’tibor qaratgan bo‘lardim. Filmning postanovkachi operatori Aziz Orziqulovning ishi alohida e’tiborga loyiq. Uning suratga olish uslubi va tasviriy olami hujjatlilikka moyilligi bilan ajralib turadi.
Film qahramoni va uning asosiy portretiga keladigan bo‘lsak, premerani tarixchilar va ko‘plab ekspertlar bilan birgalikda tomosha qildik. Turli fikrlar bildirildi. Men bu filmni Fayzulla Xo‘jayev shaxsini yangicha talqin qilishga urinish, deb baholagan bo‘lardim. Chunki uning shaxsi turli talqinlar va yangicha yondashuvlarni talab qiladi.
Shu o‘rinda «O‘zbekkino» agentligi tomonidan davlat buyurtmasi asosida «Jonli tarix» — «Tirik tarix» loyihasining yo‘lga qo‘yilgani juda quvonarli va kerakli tashabbus, deb o‘ylayman. Bu loyiha albatta samara beradi.
Biroq shunday tarixiy shaxslarga, birinchi navbatda, jadidlarimizga bag‘ishlangan filmlar avvalo, hujjatli formatda bo‘lishini istardim. Aynan tarixiy hujjatlar orqali bu insonlar yashab o‘tgan davrning fojiasini ko‘rsatish tomoshabin uchun yanada foydali bo‘lar edi.
«Tegirmon» filmining badiiy yutuqlarini e’tirof etgan holda aytish kerakki, ayrim badiiy umumlashmalar va xulosalar Fayzulla Xo‘jayevning haqiqiy timsolini, uning o‘sha davr insoni ekanini to‘laqonli ochib bera olmagan.
Jadidlar fojiasi keng ko‘lamli va chuqur tadqiqotlarni talab etadi. Biz bugungi kun nuqtai nazaridan o‘sha davrda yashagan insonlarga tez va oson baholar bersak, masalan, «u totalitar tizimga xizmat qilgan» degan xulosalar bilan cheklansak, bu yosh avlodning tarixni xotira sifatida anglashiga xalaqit berishi mumkin.
Filmda Fayzulla Xo‘jayevni o‘limga mahkum etgan tergovchining o‘zbek sifatida tasvirlanishi, albatta, badiiy to‘qima. Uning zamirida «o‘zbekni o‘zbek boshini yedi» degan metafora yotadi. Lekin, menimcha, bugun jadidlarimizga bo‘lgan munosabatni aynan shu nuqtai nazardan ifodalash unchalik to‘g‘ri emas.
Albatta, filmning ta’sirli jihatlari ko‘p. Oz bo‘lsa-da, arxiv materiallaridan foydalanilgani tomoshabinda empatiya hissini uyg‘otadi, qahramonga nisbatan o‘z munosabatini shakllantiradi.
Lekin ana shu munosabat haqqoniy dalillar asosida, ya’ni hujjatli kino tili orqali shakllantirilsa yaxshiroq bo‘lar edi.
N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video),
A.Ahmedov (montaj), O‘zA