«Teatr tomoshalari haftaligi» muxlislarni chorlaydi
27-mart – Xalqaro teatr kuni munosabati bilan davlat tasarrufidagi barcha teatrlarda ochiq eshiklar haftaligi o‘tkaziladi.
Milliy teatr san’atimiz rivoji yo‘lidagi e’tibor mamlakatimizdagi barcha ijodiy jamoalarni yanada faol ishlashga, badiiy barkamol sahna asarlarini tomoshabinlarga taqdim etishga undamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan «Teatr tomoshalari haftaligi» mana bir necha yillardan buyon muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinmoqda. Ayni paytda poytaxt teatrlari mamlakatimizdagi eng chekka hududlarga bormoqda. Hududlardagi teatr jamoalari Toshkent shahri aholisini o‘z repertuaridagi sahna asarlari bilan tanishtirmoqda. O‘zbek teatr jamoalarining chet ellarga ijodiy safar bilan chiqishiga oid imkoniyatlari yanada kengaydi.
Ushbu haftalik tomosha san’atining eng sara namunalarini muxlislarga taqdim etish imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir. Haftalik doirasida namoyish etiladigan barcha spektakllar namoyishiga kirish bepul.
Spektakllar 21-27-mart kunlari soat 17:00da boshlanadi.
N.Usmonova, O‘zA