«Teatr haftaligi» kunlari davom etmoqda
O‘zbek milliy akademik teatrida shoir va dramaturg Usmon Azimning «Tong otgan tomonlarda» asari asosida sahnalashtirilgan dramasi namoyish etildi.
Sahna asarida o‘g‘li uchun 60 kunlik yo‘lni olti kunda bosib o‘tishga rozi ona, xalq, millat yo‘qolib ketmasligi uchun qaynotasiga va’da bergan kelin jasorati haqida hikoya qilinadi.
Spektaklda teatrning zahmatkash aktyorlari Erkin Komilov, Shohida Ismoilova, Mehriddin Rahmatov, Hamid Toshpo‘latov, Farhod Abdullayev va boshqalar rol ijro etgan. Sahna asari taniqli teatr rejissyori Asqar Xolmo‘minov rahbarligida sahnalashtirilgan.
Asar qahramoni – tongli elining farzandi Tongyorug‘ obrazida jasur ona timsoli gavdalanadi. Asarda tongli elining bardoshli ayoli odamning farishtasi, odamning ulug‘i, deya e’tirof etiladi. O‘g‘lining sog‘lig‘ini dunyoning barcha mol-mulklaridan afzal biladi. Asarda qahramonlar tilidan takror-takror aytilgan «O‘limdan barcha boshqa narsaning iloji bor», degan so‘z onaning ahvolini abgor etadi. Chunki ona uchun farzandning vafotidan-da ortiq og‘ir judolik yo‘q edi.
«Teatr haftaligi» kunlari doirasida tekin spektakllar namoyishi yurtimizning barcha teatrlarida 28 martga qadar davom etadi.
Dilobar Mamatova, O‘zA