TDYUUda jahon tajribasi asosida Professorlar kengashi ish boshladi
Ko‘pchiligimiz uchun universitet boshqaruvi – bu rektor va uning apparati qabul qiladigan qarorlar majmuasi, degan tasavvur mavjud. Ammo dunyoning yetakchi ta’lim maskanlarida asrlar davomida boshqacha an’ana shakllangan: ilmiy-akademik masalalarda hal qiluvchi ovoz aynan professor-o‘qituvchilarga tegishli bo‘lgan. Endi bu an’ana Toshkent davlat yuridik universitetida ham rasman joriy etildi.
Prezidentimizning 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-232-sonli farmonining 10-bandiga ko‘ra, universitet boshqaruvida professor-o‘qituvchilarning rolini oshirish va qarorlar qabul qilishda kollegial yondashuvni kengaytirish maqsadida TDYUU huzurida Professorlar kengashi (Senate of Professors) tashkil etildi.

Kengashga universitetning uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlanish dasturini tasdiqlash, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarga chiqish bo‘yicha maqsadli choralarni belgilash, huquq sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, akademik halollik va tadqiqot etikasi standartlarini tasdiqlash hamda o‘z tarkibida qo‘mitalar tuzib, ularga a’zolarni saylash kabi vakolatlar berildi.
Aytish kerakki, bunday model dunyoda yangilik emas. Hali o‘rta asrlarda Boloniya va Parij universitetlarida professorlar va talabalar o‘z gildiyalarini tuzib, o‘qitish tartibi va dastur masalalarini birgalikda hal qilishgan. XIX asrda Germaniyada shakllangan Gumboldt modeli universitet mustaqilligi va professorlar hokimiyati (Senat) tamoyiliga asoslangan bo‘lib, bugungi kunda ham ko‘plab Yevropa universitetlarida “Senat” oliy akademik organ sifatida faoliyat yuritadi.
AQSHda esa 1915-yilda tashkil topgan Universitet professorlari milliy assotsiatsiyasi (AAUP) ta’sirida “Academic Senate” yoxud “Faculty Senate” tizimi keng tarqalgan. 1980-yillarga kelib Qo‘shma Shtatlardagi universitetlarning 60–80 foizida bunday kengashlar faoliyat yuritgan. Ular o‘quv dasturlari, ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari va professor-o‘qituvchilar maqomiga oid masalalarda hal qiluvchi ovozga ega.
Qizig‘i shundaki, hatto dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri – Garvard universiteti bunday umumuniversitet Senatiga ega emasligi bilan ajralib turadi, biroq so‘nggi yillarda u yerda ham professorlar o‘rtasida bunday organ tuzish taklifi faol muhokama qilinmoqda. Bu esa kollegial boshqaruvning global ahamiyati kundan-kunga ortib borayotganidan dalolat beradi.
Endilikda TDYUU professorlari nafaqat dars beruvchi, balki universitetning strategik yo‘nalishini belgilovchi qaror qabul qiluvchilarga aylanadi. Bu xususan, universitetning 2030-yilga qadar nufuzli QS reytingida huquq sohasi bo‘yicha yuqori 1000 talik universitetlar qatoridan o‘rin olish maqsadiga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ilmiy sifat va xalqaro raqobatbardoshlikka faqat professor-o‘qituvchilar ovozi tinglanadigan universitetlardagina erishish mumkin.
Umuman olganda, TDYUUda Professorlar kengashining tashkil etilishi – bu shunchaki yana bir bandning qog‘ozga tushishi emas, balki universitet boshqaruvida ilmiy jamoatchilik ovozini kuchaytirishga qaratilgan, jahon oliy ta’lim tizimlarida o‘z samarasini ko‘rsatgan tarixiy an’anaga qo‘shilishdir.
Igor Kudryavsev,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori