TDSHUga Olimpiada chempioni tashrif buyurdi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga Yaponiyaning Iryo Sosey universiteti vitse-prezidenti, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Nobutaka Taguchi tashrif buyurdi.
Uchrashuvda TDSHU rahbariyati mehmonni universitet faoliyati, yaponshunoslikning 30 yillik rivojlanish tarixi hamda Yaponiya oliy ta’lim muassasalari bilan bugungi kundagi hamkorlik jarayoni bilan tanishtirdi.
Nobutaka Taguchi TDSHUda Markaziy Osiyodagi yagona “Yaponshunoslik” fakulteti faoliyat olib borayotganidan juda mamnun ekanini hamda yaponshunoslik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlarimiz aloqalari rivojlanishida muhim o‘rin tutishini alohida qayd etdi.
Shu bilan birga Yaponiyaning “Aoikay Grupp” korporatsiyasi hamda korxona tarkibidagi Iryo Sosey universiteti haqida mehmon tomonidan atroflicha ma’lumot berildi. 1978 yilda tashkil etilgan, tarkibida 15 kompaniyani birlashtirgan, 15 ming xodim ishlaydigan mazkur korporatsiya 130 dan ziyod shifoxona, qariyalar uyi, universitet, kollej, makatbgacha ta’lim muassasalari hamda mehmonxonalar, sport majmualari va boshqa ob’ektlardan iborat.
Uchrashuvda yapon adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga o‘girish, yaponshunoslik sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish imkoniyati va istiqboli muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganining 29 yilligi munosabati bilan 2021 yil 23 fevral – 2 mart kunlari TDSHUda hamkor Yaponiya oliy ta’lim muassasalari bilan ilk bor “Yaponshunoslik halqaro haftaligi” o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan mehmon mazkur haftalik dasturi bilan tanishtirildi.
Nobutaka Taguchi “Yaponshunoslik” fakulteti kutubxonasi adabiyot fondini ko‘zdan kechirdi hamda talabalarni Iryo Sosey universiteti faoliyati bilan tanishtirib, o‘z hayoti misolida yutuqqa erishish sirlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’lumot o‘rnida: Nobutaka Taguchi 1972 yil Myunxen Olimpiadasida suzish bo‘yicha chempionlikka sazovor bo‘lgan, ko‘plab boshqa xalqaro musobaqalar g‘olibi sifatida Ginnes rekordlari kitobiga va Xalqaro suzish shon-sharaf zaliga kiritilgan.
Elyor Mahmudov
TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori