TDSHUda O‘mon Sultonligi elchisi bilan uchrashuv
2021 yil 2 iyul kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘mon Sultonligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Al-Kasiri Ahmad Said Umar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyeva mehmonga universitet faoliyati, arabshunoslik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda xorijdagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari haqida ma’lumot berdi.
Al-Kasiri Ahmad Said Umar oliy ta’lim muassasalariga katta qiziqish bilan tashrif buyurishini, buning boisi aynan universitetlarda ta’lim va ilm-fan sohasida erishilayotgan yutuqlar har bir davlatning real rivojlanishini ko‘rsatib beradigan muhim ko‘rsatkichlardan biri ekanini qayd etdi. O‘zbekistonda ham oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar, shu jumladan, ochilayotgan ko‘plab ta’lim maskanlari va xorijiy universitet filiallari mamlakatimizning shu yo‘lda olib borayotgan ildam qadamlaridan dalolat berishini ta’kidladi.
Suhbat davomida Sulton Qobus universiteti tomonidan joriy yil iyul-avgust oylarida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining arab tili o‘qituvchilari uchun 1 oylik onlayn malaka oshirish mashg‘ulotlari, 2021-2022 o‘quv yilida TDSHUning 30 nafar talabalari uchun mazkur universitet tomonidan arab tili bo‘yicha onlayn darslar tashkil etilishi kelishib olindi.
2022-2023 o‘quv yilidan esa TDSHUning 4 nafar talabasi uchun Sulton Qobus universitetida 1 yillik stajirovka o‘tash bo‘yicha ta’lim granti ajratilishi belgilandi. O‘z o‘rnida, Sulton Qobus universiteti talabalarining TDSHUda stajirovka o‘tash masalalari qo‘llab-quvvatlandi.
Yangi o‘quv yilidan Al-Kasiri Ahmad Said Umarning TDSHU arabshunos talabalari uchun “O‘mon Sultonligining tashqi siyosati va iqtisodiyoti” mavzusida turkum ma’ruzalar o‘qishi rejalashtirildi.
Shuningdek, TDSHU rahbariyati tomonidan ilmiy tadqiqot ko‘nikmasini rivojlantirish hamda dars sifatini oshirish maqsadida TDSHU talabalari uchun universitetda Sharq allomalari qo‘lyozmalarini o‘rganish laboratoriyasini tashkil etish taklifi O‘mon Sultonligi elchixonasi tomonidan o‘rganib chiqiladigan bo‘ldi.
Avval xabar berilganidek, 2020 yil dekabr oyida TDSHU va Sulton Qobus universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanib, mazkur universitet TDSHUning O‘mondagi ilk hamkoriga aylangan edi.
(https://www.uza.uz/uz/posts/ozbekiston-sharqshunoslik-maktabining-yana-bir-xalqaro-etirofi_194191).
Elyor Mahmudov,
TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori