Tbilisida Alisher Navoiy haykali ochildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Tbilisi shahrida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar.
Alisher Navoiyning merosi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun insoniyat boyligidir. Hayotning o‘ziga xos ensiklopediyasiga aylangan hazrat Navoiyning asarlari ko‘plab avlodlarni ilhomlantirib kelmoqda, tadqiqotchilar, adabiyot ixlosmandlari hamda Sharqning boy ma’naviy dunyosini chuqurroq anglamoqchi bo‘lgan barcha insonlar uchun bilim manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tbilisi shahrida Alisher Navoiy haykalining ochilishi O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixida yana bir muhim voqea bo‘ldi. Xalqlarimizni azaldan savdo yo‘llari, do‘stlik va o‘zaro hurmat rishtalari bog‘lab kelgan, bir-birimizning boy madaniy merosimizga qiziqishimiz katta.

O‘zbekistonda buyuk gruzin shoiri Shota Rustaveli ijodini chuqur hurmat qilishadi va qadrlashadi. Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri uning nomi bilan atalgan, gruzin mumtoz adabiyotining buyuk namoyandasiga haykal o‘rnatilgan. O‘z navbatida, joriy yilda Tbilisi markaziy bog‘laridan biriga Alisher Navoiy nomi berildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Tbilisi shahrida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari, Toshkent shahrida esa Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Marosimda Alisher Navoiy jahon adabiyotining buyuk namoyandasi ekani, uning bebaho ijodi asrlar davomida odamlarni insonparvarlik, ma’rifat, tafakkur va o‘zaro hurmatga chorlab kelayotgani ta’kidlandi.


Tbilisi shahridagi Alisher Navoiy haykali O‘zbekiston va Gruziya xalqlari o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan do‘stlik rishtalarining yana bir yorqin ramzi bo‘lishiga ishonch bildirildi.