Tbilisi NATO sammiti ishtirokchilari ro‘yxatidan o‘rin olmadi
Gruziya ilk bor Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) sammiti rasmiy dasturiga kiritilmagani mamlakatda keskin siyosiy bahslarga sabab bo‘ldi.
Avvalgi yig‘inlarda Ukraina, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari kabi hamkor davlatlar taklif etilgan bo‘lsa, bu safar Tbilisi ishtirokchilar ro‘yxatidan joy olmadi. Bu holat ayrim siyosatchilar va ekspertlar tomonidan o‘lkaning xalqaro maydonda yakkalanib qolayotgani sifatida baholanmoqda.
Hukmron “Gruzin orzusi” partiyasi vakillari esa bunday tanqidlarni rad etmoqda. Ularga ko‘ra, bu yilgi sammit formati avvalgilardek sherik davlatlar ishtirokini nazarda tutmagan. Shu bilan birga, Gruziya tashqi ishlar vaziri Maka Bochorishvili Turkiyada o‘tkazilgan “Allies in Ankara” forumida qatnashganini ta’kidladi.
Muxolifat va siyosiy tahlilchilarning fikricha, rasmiy Tbilisining sammitdan chetda qolishi respublikaning G‘arb bilan munosabatlari sovuqlashayotganining navbatdagi belgisi hisoblanadi. Sobiq elchi Levan Dolidze Gruziya avval NATOning eng yaqin hamkorlaridan biri bo‘lganini, hozir esa Yevropa Ittifoqi va Alyans doirasidagi muhim muhokamalardan chetlashib borayotganini qayd etdi.
Siyosatshunos Paata Zakareishvili esa bu holatni hamkor davlatlar ishonchi pasaygani bilan izohladi.
So‘nggi yillarda Gruziyaning YeI bilan munosabatlari ham murakkablashdi. 2023-yilda mamlakatga tuzilmaga nomzod maqomi berilgan bo‘lsa-da, keyinchalik qabul qilingan “xorijiy ta’sir to‘g‘risidagi qonun” ortidan Bryussel a’zolik muzokaralarini to‘xtatib, moliyaviy yordamni qisqartirdi.
Shunga qaramay, Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze rasmiy Tbilisining Yevropa va yevroatlantik integratsiya yo‘li o‘zgarmaganini, mamlakat transport va energetika loyihalari orqali mintaqadagi strategik ahamiyatini saqlab qolayotganini ta’kidlab kelmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA