Tayanch-harakat tizimi xastaliklarining oldini olish – tibbiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri
Bugungi kunda inson salomatligini asrash, jumladan, tayanch-harakat tizimi xastaliklarining oldini olish va ularni erta bosqichda aniqlash global tibbiyotning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ma’lumki, revmatik kasalliklar nafaqat katta yoshdagilar, balki yoshlar orasida ham uchrab, hayot sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ushbu murakkab patologiyalarga qarshi kurashish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini amaliyotga joriy etish bugungi kun revmatologiyasi oldida turgan eng dolzarb vazifalardandir.
Ana shunday muhim vazifalar ijrosini ta’minlash, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda ilg‘or tajriba almashish maqsadida poytaxtimizda VIII Yevroosiyo revmatologlar kongressi o‘tkazildi. Mazkur nufuzli xalqaro anjuman Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston revmatologlar assotsiatsiyasi va boshqa hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan tashkil etildi.
Unda mamlakatimiz mutaxassislari bilan birga Xitoy, Rossiya, Fransiya, Singapur, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi 10 dan ortiq davlatdan 70 nafardan ziyod taniqli olimlar, spikerlar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Kongress doirasida yevroosiyolik mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish va professional hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining revmatologiya bo‘yicha bosh konsultanti, professor Hilola Mirahmedova «O‘zbekiston revmatologiyasi: yutuqlar va rivojlanish istiqbollari» mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada milliy revmatologiyaning erishgan yutuqlari, zamonaviy diagnostika va davolash imkoniyatlari, sohani raqamlashtirish hamda xalqaro hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.
– O‘zbekiston milliy revmatologiya maktabining asoschisi, mutaxassislarning butun bir avlodini tarbiyalab voyaga yetkazgan atoqli olim — professor To‘xtamish Saliyevich Saliyevning boy ilmiy merosi bugungi kunda ham soha taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda, – dedi H.Mirahmedova. – Hozirgi kunda revmatoid artrit, podagra va turli tizimli autoimmun xastaliklarni erta bosqichda aniqlash, zamonaviy biologik preparatlarni amaliyotga keng tatbiq etish borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Sohani raqamlashtirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni milliy amaliyotga moslashtirish orqali bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati yanada yaxshilanmoqda. Shu bilan birga, eng ustuvor vazifa sifatida zamonaviy diagnostika va davolash yondashuvlarini faqatgina poytaxtda emas, balki mamlakatimizning barcha hududlarida bir xil yuqori mezonlarda joriy etish, joylarda ixtisoslashtirilgan revmatologik yordam ko‘lamini kengaytirish hamda milliy maktab an’analarini munosib davom ettiradigan yangi avlod yuqori malakali kadrlarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti 1-son fakultet va gospital terapiya, revmatologiya va kasb patologiyasi kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Dildora Nabiyevaning ma’ruzasi esa aksial spondiloartritni bosqichma-bosqich davolash masalalariga bag‘ishlandi.
– Bu mavzuning dolzarbligi shundaki, aksial spondiloartrit ko‘pincha faol mehnat yoshidagi insonlarda uchraydi va agar kasallik o‘z vaqtida aniqlanmasa yoki davolash kechiksa, bemorning kundalik hayoti va mehnat faoliyatini jiddiy ravishda cheklashi mumkin, – dedi J.Nabiyeva.

Kongress doirasida Yosh olimlar tanlovining birinchi saralash bosqichi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikistondan 50 nafar yosh tadqiqotchi ishtirok etib, zamonaviy revmatologiyaning asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan ilmiy ishlarni taqdim etdi. Birinchi bosqich natijalariga ko‘ra, ikkinchi bosqichda qatnashish uchun 15 ta eng yaxshi ilmiy ish saralab olindi. Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning yetakchi professor va mutaxassislaridan iborat xalqaro ekspertlar hay’ati finalchilarning ishlarini baholadi. Ushbu tanlov yosh tadqiqotchilarni rag‘batlantirish va sohada xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim minbar bo‘lib xizmat qildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekiston revmatologiyasi milliy maktabning boy an’analarini, eng so‘nggi zamonaviy texnologiyalar hamda xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirgan holda yangi, yuqori bosqichga ko‘tarilayotir. Kelgusi rivojlanishning asosiy yo‘nalishi — zamonaviy yondashuvlarni hududlarda ham izchil joriy etish, ixtisoslashtirilgan revmatologik yordam ko‘lami va imkoniyatlarini kengaytirish hamda yangi avlod yuqori malakali revmatologlarini tayyorlashdan iborat.
Mohigul Qosimova, O‘zA