Ta’til davrida talabalarga sharoit yaratiladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlariga uzaytirilgan ta’til yakuniga yetmay oliygohga kelgan talabalarga tegishli shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, ayni damda qishki ta’til uzaytirildi, ammo yotoqxonaga ertaroq kelib, o‘qishga tayyorgarlik ko‘rish yoki boshqa maqsadli ishlarni ko‘zlab hududlardan ta’lim muassasalariga kelgan talabalarga qishki qo‘shimcha ta’tilni o‘z yaqinlari bilan birga, ota-onalari bag‘rida samarali o‘tkazishlari tavsiya qilinadi va bunga barcha sharoitlar yaratish bo‘yicha individual ishlar olib borilmoqda.
Havo haroratining keskin tushishi natijasida mavsumiy yuqumli kasalliklarning avj olishi yuqori ekanligi tushuntirilib, har bir talabaga real vaziyatdan kelib chiqib, xohishlariga ko‘ra zarur sharoit yaratib berish choralari ko‘riladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan mazkur topshiriq barcha ta’lim muassasalari rahbarlariga berilgan. Shuningdek, talabalarning ta’tillarini samarali tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shu o‘rinda o‘z yashash hududlarida qolgan talabalarga o‘z ustida ishlash, kitob mutolaa qilish, onlayn darslar orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishlari tashkil etiladi. Talabalar har qanday muammoli vaziyatlarda o‘zlari tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasasi rektoratiga murojaat qilishlari so‘raladi.
Bu choralarning barchasi havo haroratining keskin tushishi natijasida mavsumiy yuqumli kasalliklarning avj olishi yuqori ekanligini inobatga olgan holda keyingi 10 kun davomida talabalar sog‘ligiga jiddiy zarar yetkazmaslik maqsadida amalga oshirilmoqda.
Shu o‘rinda OTMlar rahbariyatiga har bir talaba uchun qo‘shimcha qishki hordiqni samarali tashkil qilish va bunda insoniylik tamoyillariga rioya qilib, masalaga yechim topish qat’iy belgilandi. Mazkur topshiriq vazirning shaxsiy nazoratida ekanligi qayd etildi.
O‘zA