Ta’sirchan parlament nazorati — rivojlanish omili
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Ta’sirchan parlament nazorati: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Unda parlament nazorati institutining ahamiyati, shakllari, parlament faoliyatini samarali tashkil etish, raqamlashtirish jarayonlari, parlament nazorati faoliyatini amalga oshirishning davlat va xalq hayotidagi o‘rni kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda barcha sohada tub islohotlar amalga oshirilib, mamlakatimiz tobora yangicha rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bunda yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi sa’y-harakatlar muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, yangilangan Bosh qomusimizda mustahkamlangan vakolatlar parlament faoliyatiga yangicha mazmun bag‘ishladi. Qonun chiqaruvchi organning vakolatlari salmoqli darajada oshirildi.
Anjumanda parlament vakillari, huquqshunos, siyosatshunos olimlar, ekspertlar so‘z olib, parlamentning demokratik islohotlar jarayonidagi o‘rni, uning faoliyatiga oid dolzarb masalalar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
— Zamonaviy dunyoda parlamentlarning faoliyati inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida e’tiborga molik, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti direktori Akrom Toshpo‘latov. — Milliy parlamentimiz demokratik boshqaruvning yuragi sifatida hamisha fuqarolarning huquq va manfaatlarini aks ettiradi. Parlament nazorati nafaqat siyosiy mexanizm, balki xalq va davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi, samarali boshqaruvning asosi hisoblanadi.
[gallery-26426]
Konferensiyada saylov qonunchiligidagi islohotlar haqida ham so‘z yuritilib, muhim o‘zgarishlar amalga oshirilgani va 2024 yildagi parlament saylovi mutlaqo yangicha ko‘rinishda o‘tgani ta’kidlandi.
Konrad Adenauer fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andre Algermissen O‘zbekistonda parlamentning roli mustahkamlangani, hokimiyatlar bo‘linishida muhim bo‘g‘in sifatida kuchaytirilgani e’tiborga sazovor ekanligini qayd etdi. Parlamentning vakillik va qonunchilik funksiyalari dunyodagi har qanday mamlakat uchun demokratik siyosiy jarayonlarning muhim omili hisoblanishini e’tirof etdi.
Shuningdek, u o‘z so‘zida “O‘zbekistondagi islohotlarning muvaffaqiyati nafaqat go‘zal mamlakatingizning taraqqiyoti va farovonligi bilan, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror va xavfsiz kelajagi bilan ham bog‘liqdir”, dedi.
Anjumanda parlament faoliyatini raqamlashtirish, axborot-tahlil infratuzilmasini yanada takomillashtirish, deputat, ekspert va fuqarolar o‘rtasida tezkor muloqotni ta’minlaydigan raqamli platformalarni joriy etish bugungi kundagi dolzarb masalalardan ekanligiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, parlament nazoratini samarali amalga oshirishdagi ayrim masalalar yechimida ilmiy yondashuv va xulosalar zarurligi ta’kidlandi. Bu borada 2025 yilgi Davlat dasturida parlament faoliyatida aql markazlari bilan tizimli ravishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangani aytib o‘tildi.
Shuningdek, konferensiyada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili — Ombudsman va Bolalar Ombudsmani so‘z olib, mazkur institutlar parlament nazoratining muhim bo‘g‘ini sifatida inson huquq va manfaatlari, bolalar huquqlari himoyasi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etayotganini ta’kidladi. Har ikkala Ombudsman va parlament o‘rtasidagi hamkorlik fuqarolar va bolalarning haq-huquqlari himoyasini ta’minlash, xalq manfaatlariga xizmat qilishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.
Anjumanda parlament nazorati faoliyatida qonunlar ijrosini nazorat qilish, qonunlarning hayotiyligini kuzatish, tahlil etish va uning asosida chuqur asoslantirilgan xulosaga kelish muhim vazifa hisoblanishi aytib o‘tildi. Qayd etilganidek, parlament nazorati qonun hujjatlarining hayotda qay darajada ishlayotganini, ular amalda fuqarolar manfaatini qanday ta’minlayotganini aniq ko‘rsatib beradi.
Konferensiyada parlament nazorati samaradorligini oshirish, bu borada xorijiy tajribalarni o‘rganish, parlament faoliyatini zamon talabi darajasida takomillashtirish bo‘yicha taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.
Muhtarama Komilova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA